Milliy vaksina yaratiladimi?
Bugun dunyo bir bo‘lib, bitta masala – koronavirusni tezroq yengish ustida bosh qotirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning ma’lumotiga ko‘ra, bu kasallikni bartaraf etish uchun kamida ikki yil kerak bo‘larkan.
Undan sal avvalroq, «Maykrosoft» kompaniyasi asoschisi, milliarder Bill Geyts rivojlangan davlatlar bu dard bilan 2021 yilning oxirigacha kurashishini, rivojlanmaganlari esa 2022-yilgacha koronavirusdan qutulolmasligini ma’lum qildi. Esingizda bo‘lsa, aynan shu Bill Geyts bundan besh yil avval pandemiyani oldindan bashorat qilgan. Demak, u bir gapni bilmasa gapirmaydi.
Biz rivojlangan davlatlar toifasiga kirmaymiz. Demak, hozircha o‘zimizni «pandemiya erta-indin tugaydi» deb ovutishimizga hojat yo‘q. Biz ham yana salkam ikki yarim yil koronavirus bilan kurashishimiz lozim bo‘ladi. Ha, afsuski shunday! O‘zi olti oyda bo‘larimiz bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 40 mingga yaqin kishi koronavirusga chalindi. 300 ga yaqin odam nobud bo‘ldi. Mamlakat milliardlab dollar miqdorida zarar ko‘rdi. Minglab oilalar doimiy daromad manbaidan ayrildi. Bu hali bosib o‘tishimiz kerak bo‘lgan yo‘lning oltidan bir qismi xolos.
Bugungi kundagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni o‘rtacha 400-500 kishi kasallikka chalinyapti. 6-7 kishi hayot bilan vidolashyapti. Oldimizda salkam ikki yarim yil bor. Agar ko‘rsatkichlar shu zaylda davom etaversa, 2022-yil oxiriga borib, kasallangan soni 500 ming kishiga, qurbonlar 5000 kishiga yetadi. ENG KAMIDA. Chunki, bugun haqiqiy manzara e’lon qilinayotgan raqamlardan ancha farq qilishini, minglab odamlar shifoxonadan tashqarida, o‘zi kasallanib, o‘zi tuzalayotganini yaxshi bilamiz. Vafot etayotganlar soni ham rasmiy ma’lumotlardagidan farq qiladi. Qolaversa, kelgusida kasallik ko‘rsatkichlari foiz hisobida yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Nega buncha vahima qilyapsan, deyishga oshiqmang! Albatta ertaga nima bo‘lishi Gebreyesus yoki Bill Geytsdan ko‘ra Yaratganning o‘ziga yaxshiroq ma’lum. Har bir ish Uning xohish-irodasi bilan amalga oshadi. Qolaversa, «Bolta tushguncha kunda dam olar» degan gap bor. Bu davr oralig‘ida tibbiyotda ham bir qancha o‘zgarishlar bo‘lishi, yangi davolash usullari, yangi dori-darmonlar joriy qilinishi, pandemiya bashorat qilinganidan ertaroq ham tugashi mumkin. Xullas har ikki holatni ham e’tibordan qochirmaslik kerak.
Hozir dunyo ahli umid ko‘zi bilan qarayotgan yana bir vosita bu koronavirusga qarshi vaksinadir. Bugunga qadar 160 dan ortiq kompaniya vaksina ishlab chiqarishga kirishgan. Ularning 30 dan ortig‘i dastlabki bosqichlardan o‘tgan. Rossiyada ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaksinasi bilan sentyabrdan boshlab aholini emlash boshlanadi.
Hozirda Yaponiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Italiya singari mamlakatlar ham o‘z vaksinalari ustida ish olib borishmoqda. Hatto qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida ham QazCovid-in vaksinasi ishlab chiqilgan va klinik sinovdan oldingi bosqichda turibdi.
Yaqinda JSST rahbari vaksina ishlab chiqarilganidan keyin ayirmachilika yo‘l qo‘ymaslikka, uni teng taqsimlashga chaqirdi. Demakki, shunday xavf, andisha mavjudki, tashkilot rahbari bu haqda og‘iz ochgan.
Katta ehtimol bilan dunyo mamlakatlari yana ikki qutbga – vaksinasi bor va vaksinasiz davlatlarga ajralsa ajablanmayman. Bir toifa davlatlar o‘z vaksinasi istagan boshqa bir davlatga sotishi, ayirboshlashi, yoki qaysidir shartlar evaziga tekinga berishi ham mumkin.
Ikkinchi guruhdagilar «arzonroq vaksinani kimdan olsak bo‘larkin? Kim bizga yordam qo‘lini cho‘zarkin?» deb jovdirabgina qarab o‘tiraveradi. Xullas bu yog‘iga yana siyosiy va iqtisodiy o‘yinlar boshlanib ketsa kerak.
Birgina Xitoy chiqarayotgan vaksinaning bir dozasi 100 dollardan oshiqqa baholanmoqda. Qolgan vaksinalar ham 20 dollardan 60-70 dollargacha boradi. Ko‘pgina mutaxassislar asosan 18 yoshdan yuqori aholi qatlamini emlash lozimligini aytishmoqda. O‘rtacha 50 dollar atrofida baholangan taqdirda ham, mamlakatimizda 20 million kishi emlanadigan bo‘lsa, bu bir milliard dollarga tusharkan. Pandemiya sabab iqtisodiyoti tobora zaiflashayotgan mamlakat uchun bu kattagina mablag‘. Biroq, qaysidir davlatlar yoki shirkatlar vaksina bahona yaxshigina pul ishlaydi. Chunki, millionlab dozalar juda katta daromaddan darak berib turibdi. Ehtimol vaksinaning tannarxi bir necha sent bilan o‘lchanar. Ammo, ajal bilan muqarrar yuzma-yuz turgan paytda buni kim ham o‘ylab o‘tirardi? (Bugungi qariyb suvtekin penitsillinni ham bir paytlar oltin bahosiga sotishgan.)
Biz hozircha ikkinchi guruhda turibmiz. Yaqinda bir mutaxassis tanishim suhbat asnosida aytib qoldi. Bir paytlar Toshkentda ham aynan Moskvadagi Gamaleya markazidan qolishmaydigan immunologiya instituti faoliyat ko‘rsatgan, keyinchalik yurtimizda bu sohaga e’tibor susayib ketgani sababli institut ham yopilgan, undagi mutaxassislar turli xorijiy davlatlarga, xususan ana shu Gamaleya markaziga ham ketib qolishgan ekan. Bu gap qanchalik haqiqatga yaqin bilmadim, ammo, chindan ham yurtimizning juda ko‘p olim va mutaxassislari bir paytlar tirikchilik ilinjda o‘zga yurtlarga bosh olib ketgani bor gap.
Aks holda, bugun qaysi mamlakatning vaksinasi bizga mos kelarkin, deb atrofga umid bilan ko‘z yugurtirmagan bo‘larmidik? Albatta, keyingi yillarda ilm-fan, texnika va texnologiya, innovatsiya sohalariga e’tibor kuchaydi. Chet ega ketgan malakali mutaxassislarni qaytarish harakatlari boshlandi. Ammo, koronavirus nomard g‘animdek kutilmaganda hamla qildi. Ko‘p ishlar oxiriga yetmasdan qoldi.
Xullas, shu yurtning bir fuqarosi sifatida meni ham bir savol qiynayveradi. Biz ham o‘z vaksinamizni yarata olmaymizmi? Boshqalarning «ra’yi»ga qarab o‘tirsak, to 2022-yilning oxiriga qadar qancha talofatlar ko‘rarkinmiz, qancha qurbonlar berarkinmiz?
Ochig‘i, men immunolog yoki virusolog emasman. Vaksina yaratish qanchalik oson yoki qiyin ekanini ham yetarli darajada bilmayman. Lekin nahotki bir paytlar samolyotdan tortib traktorgacha yirik texnikalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mamlakatda jimjiloqdek keladigan vaksinani yaratish va ishlab chiqarishning imkoni bo‘lmasa? Ochig‘i, agar o‘zimizda xalqaro andozalarga javob beradigan vaksina yaratiladigan bo‘lsa, ko‘ngilli sifatida dastlabki sinovlarda ishtirok etgan bo‘lardim...
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter