Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

«Jigarlarim qo‘rqqanida, kuyovim o‘z jigarini taklif etgan» — Og‘ir dardni yenggan ayol matonati

«Jigarlarim qo‘rqqanida, kuyovim o‘z jigarini taklif etgan» — Og‘ir dardni yenggan ayol matonati

Shifokorlar «olti oylik umringiz qoldi» deyishgandi...

Biz bahorni ayollarga o‘xshatamiz. Chunki bahor ham o‘z vaqtida qishning qor-qirovli sinovlariga sabr etib, navbati kelgach, o‘z ko‘rki tarovatini namoyon etaveradi. Ayol ham qalbida ne og‘riqlar zohir bo‘lsada, borlig‘ida o‘z go‘zalligini ko‘rsataveradi.

Sinovlar... Oqdaryolik Dilorom Bozorovaning ham 2015 yilda boshiga og‘ir sinov tushadi. Bir kechada to‘satdan sog‘ligi yomonlashgan opaga shifokorlar: «jigaringizning ikki foizi qolgan, olti oylik umringiz qolibdi...» deyishgandi.

— O‘sha kunlarni eslasam o‘zim qo‘rqib ketaman, avval hech qachon og‘rimagan, xastalik sezmagan edim. To‘satdan sog‘ligim yomonlashib, bir kechada shishib ketganman. Hatto oyoq kiyimim sig‘may qolgan. Ko‘zimga dunyo qorong‘u bo‘lib ketgan edi.

U paytlar bizda jigar transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagandi. Hindistonda operatsiya qilish mumkinligini eshitdik, ammo unga ham donor va juda katta mablag‘ kerak edi... Menda esa u mablag‘ning o‘ndan biri ham yo‘q edi. Shunda avvalo yaqinlarim jonimga ora kirdi, ba’zilari qo‘rqdi, ba’zilari o‘z jigarini taklif etdi. Bor bisotimizni sotdik. Qarindoshlar borini berdi. Lekin bu mablag‘ ham yetmasdi. Shunda mahalliy hokimiyat vakillari qo‘llab-quvvatladi. Ularni yordami bilan Hindistonga boradigan bo‘ldim. Ko‘pchlikning ichida qizim o‘z jigarini bermoqchi bo‘ldi, lekin uning qo‘lida sakkiz oylik chaqalog‘i bor edi. Shunda farzandi onasiz qolishidan qo‘rqibmi, yo menga achinibmi, kuyovim o‘z jigarini bermoqchi bo‘lib, qat’iy turib oldi. Ba’zilardan «kuyov — yov» degan maqolni ko‘p eshitardim. Lekin bu ta’rif noto‘g‘ri, o‘shanda kuyovimni o‘z jigarini bermoqchi ekanini eshitib, judayam tasirlanganman. Shundan buyon uni o‘g‘limdek ko‘raman. O‘shanda qancha unamasin kuyovimning na’munalari mos kelmadi. Natijalarga ko‘ra, qizimniki menga ko‘proq mos keldi. Chaqalog‘i bo‘lishiga qaramay, u donor bo‘ladigan bo‘ldi.

O‘sha kuni qahramonimizni yo‘qlab borganimizda, u dalada traktor haydayotgan ekan.

– G‘allaga o‘g‘it berayotuvdik, xo‘jaynim ikkalamiz ikkita traktorda ishlayapmiz, bahorgi har bir kun g‘animat, — deydi opa.

Uning tabassumli yuzlarida sog‘lomlik barq etib turar, to‘qqiz yil oldin u chekkan og‘ir dard nishonalari o‘rnini bugun ajib bir shijoat egallagandek. Bugun u mehnat qilishda har qanaqa erkakni yo‘lda qoldirishiga guvoh bo‘ldik. Ayol bo‘lishiga qaramay, traktor haydaydi, yer chopadi, sigir sog‘adi, tovuq boqadi, bog‘ parvarishlaydi.

— Hormang, bu dala ishlari sizga og‘irlik qilmaydimi?

— O‘shanda Hindistonda og‘ir operatsiya o‘tkazib, bir yarim oyda oyoqqa turganman. Olti oy o‘tmasdan dalaga chiqib ketganman. Dardni mehnat bilan yengganman. O‘zimni dala ishlarisiz tasavvur qilolmayman. Shu yer bilan qo‘shilib nafas olaman. 2005 yildan buyon fermerlik qilaman. Shaharda ham uyim bor, lekin u yerda bir kun turolmayman...

Opa chuqur xo‘rsinadi...

 — Bilasizmi, hayot o‘zi doim meni sinab kelgan. Oilada 10 farzand edik, onam bevaqt vafot etgan. Undan keyin ukalarimga o‘zim onalik qilganman, o‘shanda kolxozda oddiy ishchi edim. Traktor haydashni ham o‘shanda o‘rganganman. Keyin o‘qib agronom bo‘lganman, — deydi, opa.

Suhbatni davom etirar ekanmiz, qahramonimizning o‘sha ta’riflagan donor qizi va kuyovi kelib qoldi. Opa esa «mollarimdan, tovuqlarimdan bir xabar olay» deb shoshib ketdi.

— Hindistonda hamma narsa tayyor bo‘lib, jarrohlik amaliyoti boshlanishi oldidan onam to‘satdan o‘zgarib qoldi. U «qizimni asrab qoling, uni sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymang. Bo‘ldi, operatsiya kerak emas»... deb faryod ura boshladi. Lekin men qat’iy turib, amaliyotni davom ettirishlarini talab qilganman. Amaliyot boshlandi, ko‘z oldimdan uyda qolgan emizikli chaqalog‘im, farzandim o‘tgan. Shukr hammasi yaxshi bo‘lgan, — ko‘z yoshlari bilan eslaydi opaning qizi Dildora.

Ha, hayot bizni doim o‘zining kutilmagan sinovlari bilan «siylab» turadi. Bu «nozik xilqat» vakillarining metin irodasi, bardoshi barchaga o‘rnak. Dilorom opa o‘zining eng og‘ir damlarida dardlarini yonidagi Qoradaryoga aytgan edi. Achchiq-achchiq ko‘z yoshlar yumalagan bu daryodan o‘shandan buyon qancha suvlar oqib o‘tdi.

Suhbatni yakunlab, endi qaytamiz deb tursak, «traktorchi» opamiz bizni hayron qoldirib, zamonaviy «Hyundai» mashinasini haydab kelib qoldi: «Sizlarni o‘zim kuzatib quyaman. Bu dalalarda adashib qolmang tag‘in». Yo‘l-yulakay opaning aytib berishicha, Hindistondan kelgach, barcha ishlarini boshidan boshlabdi... Hozir kamida 20 nafar ishchiga rahbarlik qilarkan. «O‘ndan ortiq texnikalarim, yuz gektar yerim bor», deydi.

Ha, u taqdirini shu yer bilan bog‘lagan. Mehnatni zahmat emas, baxt deb biladi. Balki shu turmush tarzi uni baxtga — boy, dardga — qashshoq etayotgan bo‘lsa ne ajab.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети