Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qodirov davri»da «urilgan» general mas’ul lavozimga tayinlandi

«Qodirov davri»da «urilgan» general mas’ul lavozimga tayinlandi

Foto: «Xabar.uz»

Kecha tunda Bosh prokurorga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ularni «yangi» deyish biroz noto‘g‘riroqday, chunki ikkisi-da avval  ham mamlakat bosh qonun posboni muovini lavozimida ishlab ulgurgandi. 

Shuhrat Uzoqov. Uzoq yillar Harbiy prokuraturada turli lavozimlarda faoliyat yuritdi. Asta-sekin yuqorilab, respublika Harbiy prokurori o‘rinbosari bo‘ldi. So‘ng unga Harbiy prokuror lavozimiga qo‘shilib, adliya general-mayori unvoni ham nasib etdi.  E’tiborlisi, Sh.Uzoqov 2016-yilda ayni lavozimni tark etganidan beri respublika Harbiy prokurorligiga hech kim tayinlangani yo‘q. Nomzodlar ko‘rilgani ehtimoli katta, albatta. Biroq masala tayinlov darajasiga yetmadi.

Bu orada u Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i, Prezident devoni mas’ul xodimi, nihoyat, yangi ochilgan Xalq qabulxonasining Samarqand viloyati bo‘limi rahbari vazifalarini ado etdi. Kechadan esa «eski joyi»ga yangidan qaytdi: Shuhrat Uzoqov yana Bosh prokuror o‘rinbosari — respublika Harbiy prokurori.

Yana bir tayinlov —  Abduhalim Xolmaxmatovning Bosh prokuror birinchi o‘rinbosarligiga loyiq ko‘rilgani bilan bog‘liq. Sirasini aytganda, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari lavozimi borligi yoddan ham ko‘tarilayozgandi. Negaki, keyingi ikki o‘n yillikda ayni lavozim ko‘pam band bo‘lmadi, aksincha, bo‘sh turdi. Yangi asr boshida Rashid Qodirov Bosh prokuror etib tayinlanganida mahkama birinchi o‘rinbosari vazifasida Azimjon Ergashev ishlayotgandi. Ko‘p o‘tmay A.Ergashev Toshkent viloyati, so‘ng Sirdaryo viloyati prokurorligiga «surildi»... Shundan keyin bir necha yil «egasini kutgan» birinchi o‘rinbosarlik kursisiga O.Nabiyev taklif etildi. Mazkur mutaxassis «maxsus missiya» bilan ayni lavozimga qo‘yilgandiki, bir necha oy davomida vazifa bajarilgach, respublika rahbarlik idorasiga ko‘tarilib ketdi. Yangi vazifada ham ko‘p ishlamagan O.Nabiyev tag‘in prokuraturaga qaytarildi: bu safar «birinchi» emas, balki oddiy o‘rinbosar sifatida. Biroq bu «qaytish»ning ham umri uzun bo‘lmadi...

Qisqasi, Rashid Qodirov mahakamaga rahbarlik qilgan o‘n besh yil davomida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari lavozimida bor-yo‘g‘i ikki nafar shaxs ishlagandi, ularning umumiy faoliyati jamlansa, ikki yilga yo yetadi, yo yetmaydi...

Keyingi to‘rt yilda O‘zbekiston Bosh prokurori ham, uning birinchi o‘rinbosarlari ham uch bora o‘zgardi. Bosh prokurorlarning lavozimidan ketishi sabablari ma’lum. Birinchi o‘rinbosarlarning almashaverishi butunlay boshqa masala: R.Matiyev ayni lavozimda ko‘p ishlamagani ma’lum, uning keyingi faoliyati haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Murodjon Azimovning birinchi o‘rinbosarlikdan tezda uchirma bo‘lishi uning Davlat bojxona qo‘mitasi raisi etib tayinlangani bilan izohlanadi. Uning o‘rniga kelgan Erkaboy Tajiyev roppa-rosa 20 oy ishlagach, Qashqadaryo viloyati prokurori (2019-yil, oktyabr) etib tayinlandi.

Kuni kecha Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Abduhalim Xolmaxmatov shu tizimda suyagi qotgan mutaxassis. Faoliyatini tuman prokuraturasida boshlagan A.Xolmaxmatov tizimning barcha pillapoyalarini allaqachon bosib o‘tgan. Bir muddat respublika rahbarlik idorasidagi faoliyatidan so‘ng u 2001 yilda, hali qirq to‘rt yoshga to‘lib-to‘lmay Bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlanadi. Oradan yil o‘tib, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi (general-mayorga teng harbiy unvon) rutbasiga munosib ko‘riladi. Nisbatan yosh kadrning bunday lavozim-u rutbalarga loyiq ko‘rilayotgani mahkamada o‘z hokimiyatini mustahkamlashga tushgan  o‘sha paytdagi Bosh prokurorga yoqmasligi ehtimoli katta edi. Zero, sobiq Bosh prokurorga «yuqori»dan yuborilgan emas, o‘zi «tarbiyalagan» kadrlardan biri muovin bo‘lishi har taraflama ma’qulroq edi-da (buning ayanchli oqibatiga bugun hamma guvoh).  Shunday bo‘ldi ham. Bosh prokuror o‘rinbosari sifatida ikki yil nari-beri ishlagan A.Xolmaxmatov ham «sinalgan usulda» avval Toshkent viloyati prokurorligiga tushirildi, so‘ng Farg‘ona viloyatiga yuborildi. Farg‘onada uch yil ishlab-ishlamay viloyat prokurorligidan olinib, Qarshi tuman prokurorligiga tayinlandi. Tuman darajasiga tushirilgan mutaxassis bilan esa xayrlashish juda oson...

Shu tariqa A. Xolmaxmatov tizimdan butunlay chetlatildi.

Keyingi o‘n ikki yilning salmoqli qismini A.Xolmaxmatov xo‘jalik sudida o‘tkazdi: konsultant, katta konsultant, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida. Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari vazifasiga tayinlangunga qadar esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qashqadaryo viloyati Xalq qabulxonasi mudiri lavozimida ishladi.

Bosh prokuratura tizimidagi keyingi o‘zgarishlarga nazar tashlansa, asosan tajribali kadrlar mas’ul lavozimlarga tayinlanayotgani kuzatiladi. Huquqni muhofaza qilish organlari, xususan, prokuratura ham shunday tizimki, unda yoshlarga xos shijoat va ishtiyoqqa tajriba uyg‘un kelmas ekan, ko‘zlangan maqsadga erishmoq qiyin. Zero, inson taqdiri bilan bog‘liq tizimda tajriba doimo o‘z so‘zini aytib kelgan...

Tayinlovlar xayrli bo‘lsin.

Tursunali Akbarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring