Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident matbuot kotibi Samarqanddagi fojia sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qildi

Prezident matbuot kotibi Samarqanddagi fojia sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qildi

Foto: «Facebook» / Komil Allamjonov

14-mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb qilingan 23 yoshli Diana Yenekeyevani katta yo‘ldagi to‘siqlarni oqlash chog‘ida yuk mashinasi urib ketgani, o‘qituvchini zudlik bilan shifoxonaga olib borishlariga qaramay joni uzilgani haqida xabar bergan edik.

«Xabar.uz»ning Samarqanddagi maxsus muxbiri Karimberdi To‘ramurod Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktabning mehnat ta’limi o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenekeyevaning o‘limiga sabab bo‘lgan hodisani o‘rgandi va fojia o‘qituvchilar O‘zbekiston Prezidentining tashrifi munosabati bilan ixtiyoriy-majburiy jamoat ishlariga jalb qilinganda ro‘y berganini aniqladi.

Xabar berganimizdek, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi.

Prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida Prezidentning Samarqand viloyatiga tashrifi haqida shunday yozadi: «Har bir masalaning ichiga kirish, topshiriqlar berib, uning ijrosini nazorat qilish – Shavkat Mirziyoyevning o‘ziga xos ish uslubi. Prezidentimiz o‘tgan yili mamlakatimizning barcha hududlariga borib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilab bergan edi. Bu yil yana shu hududlarga safar qilib, topshiriqlar qanday bajarilganini ko‘zdan kechirayapti. «Men nimaga joylarda o‘zim yuribman, hamma masalalar bilan o‘zim shug‘ullanyapman? Chunki iqtisodiyotimizni to‘g‘rilab olishimiz kerak, odamlarni ish bilan ta’minlashimiz, oilalarga daromad manbai yaratib berishimiz kerak», degan edi Shavkat Mirziyoyev shunday safarlarning birida. Davlatimiz rahbari bugun Samarqandga yetib keldi. Har doimgidek, tashrifning birinchi kuni asosan tumanlarda bo‘lib, kechga yaqin viloyat faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi».

Ushbu xabarga munosabat bildirgan «Facebook» foydalanuvchilaridan biri Prezident matbuot kotibiga «hokimlar Prezident kelishidan sal oldin asosan o‘qituvchilarni katta va kichik yo‘l yoqalariga chiqarib tozalash ishlariga «majburlashi», buning oqibatida bir necha kun muqaddam Samarqanddagi katta ko‘chani tozalayotgan vaqtda 23 yoshli o‘qituvchi mashina urib ketishi natijasida vafot etganini ma’lum qilib, bu kabi majburiy mehnatga jalb etish ishlari qachon tugatishi haqida so‘ragan.

Komil Allamjonov mazkur savolga quyidagicha javob beradi:

«Bo‘lib o‘tgan hodisa, albatta, juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozir o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oilasi va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etaman».

Skrinshot: «Facebook» / Komil Allamjonov
Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring