Caylovoldi debat: Tramp ko‘proq yolg‘on gapirdimi yo Bayden?..
27 iyun kuni Atlanta shahrida AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden hamda sobiq prezident Donald Tramp o‘rtasida ilk saylovoldi teledebati bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
CNN telekompaniyasi tomonidan tashkil etilgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan teledebat 90 daqiqa davom etdi.
Ekspertlar fikricha, ilk raundda Jo Bayden raqibiga tashabbusni berib qo‘ydi. Baydenning bo‘sh-bayovligidan ko‘ngli to‘lmagan ayrim demokratlar u prezidentlik poygasidan chiqishi va o‘rnini boshqa kuchliroq nomzodga bo‘shatishi kerakligini aytmoqda.
Teledebat payti har ikki siyosatchi muxolifidan o‘z afzalligini ko‘rsatishga zo‘r berib, yolg‘on fakt va ma’lumotlarni aytishdan tiyila olmagan. Jumladan, SNN telekanali munozara davomida Tramp 30 ta, Bayden esa 9 ta yolg‘on bayonot berganini hisoblagan. Masalan, Tramp 2021 yil yanvar oyida Kapitoliyga hujum hodisasi haqida gapirar ekan, qonun chiqaruvchi idorani kam sonli odamlar qamal qilganini aytgan. Holbuki, Kapitoliyga hujum bilan bog‘liq jinoyat ishida 1400 dan ziyod shaxs aybdor deb topilgan. Tramp Baydenni soliqlarni 4 baravar oshirishda ayblagan. Aslida, Oq uyning amaldagi xo‘jayini yiliga 400 ming dollardan kam daromad qilayotgan fuqarolarga soliq yig‘imlarini saqlab qolgan holda, boylar uchun soliqlarni oshirishni taklif qilgan.
Avvalroq Tramp Fox News telekanaliga bergan interyusida demokratlarni jinoiy ta’qib qilish huquqiga ega ekani haqida gapirgan edi. Teledebat payti sobiq prezident bunday mazmunda bayonot berganidan tongan.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi muammosiga to‘xtalgan respublikachilar nomzodi uning prezidentlik davrida (2017-2021) H2O, ya’ni suv toza bo‘lganini iddao qilgan.
Bayden ham o‘z navbatida mubolag‘a va yolg‘on ishlatgan. Jumladan, muxolifi pandemiya davrida amerikaliklarni COVID-19ga qarshi oqartiruvchi modda bilan emlanishga chaqirganini aytgan. Aslida, Tramp infeksiyaga qarshi kurashish uchun yengil kimyoviy moddalardan foydalanish imkonini o‘rganib chiqishni taklif qilgan edi.
Tahlilchilar fikricha, 81 yoshli Baydenning fikrini aniq-tiniq ifodalay olmagani, ko‘p hollarda tutilib qolgani sabab 78 yoshli Tramp yolg‘on bayonotlarni ham xuddi haqiqat kabi taqdim etishning uddasidan chiqqan.
Har ikki siyosatchi munozara payti bir-birining shaxsiyatiga teguvchi gaplarni ham ishlatgan. Bayden Trampning yuziga hujjatlarni soxtalashtirish aybi bilan mahkamaga tortilganini solgan. Boz ustiga, uning xulq-atvori ko‘chadagi daydi mushuklardan farq qilmasligini aytgan. O‘z navbatida Tramp Baydenning o‘g‘li sudlanganini esga solib, uning boshini xam qilishga uringan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter