Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Naq 128 ta jarimasi bor Malibu «reyting» peshqadami bo‘ldi

Naq 128 ta jarimasi bor Malibu «reyting» peshqadami bo‘ldi

MIB «stoyanka» bo‘layotgan avtomashinalar va reyd haqidagi xabarlarni ochiqladi.

Joriy yilning 11 oyida yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha 722 mlrd. so‘mlik qarzdorlik undirilgan. Bu haqda «Xabar.uz»ga Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Abduqodir G‘ulomov ma’lum qildi.

Hozirda jarimaning 15 kun ichida 50 foizi, 30 kun ichida 70 foizi ixtiyoriy to‘lansa, qolgan qismini to‘lashdan ozod qilish amaliyoti joriy etilgan.

Biroq, qayd etilishicha, yo‘l harakati qoidalarini buzgan ayrim haydovchilar jarimani imtiyozli muddat u yoqda tursin, ixtiyoriy muddatda ham to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari ko‘p uchramoqda.

Shu kunlarda «AutoCon-SC/M-onlayn» va «Planshet» moslamalari yordamida tuman va shaharlar markaziy ko‘chalarida hamda hududiy yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida reydlar o‘tkazilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, reyd boshidan bugungi kunga qadar hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar davomida Byuro organlari ish yurituvidagi 51 321 ta ijro hujjati bo‘yicha 24,4 mlrd. so‘mlik qarzdorliklar undirilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan va tadbir davomida qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxslarga tegishli 14.614 ta transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonlariga joylashtirilgan, qidiruvdagi 2.684 ta transport vositalari topilgan.

Tadbir davomida 1.477 ta transport vositasi xatlanib, 95 tasi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.

Masalan, qarzdor Sh.A. dan 13 ta (7,3 mln. so‘m) ma’muriy jarima va 1 ta (399,2 mln. so‘m) kredit qarzdorligini undirish maqsadida, «Kia Sportage» rusumli  avtotransport vositasi xatlanib, E-auksion.uz savdolariga chiqarildi.

Qarzdor A.R.dan 55 ta (26,8 mln. so‘m) ma’muriy jarimalarni undirish maqsadida, «Venucia» rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

Qiziqarli  jihati, aslida ko‘plab jarimasi bor avtomashinalarning qarzdorligi o‘rganilganda, soliq va banklardan olingan kredit mablag‘larini ham qasddan to‘lamasdan kelayotganligi aniqlangan.

Misol uchun, Byuroning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan qarzdor X.Sh.dan ma’muriy jarima undirish haqidagi naq 128 ta jarima (59 mln. so‘m) va «Kapital bank» ATB foydasiga kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha 200 davlat raqamiga ega bo‘lgan «MALIBU» rusumli transport vositasi vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Shu kabi, qarzdor «V.INV.TUM» MChJdan  jami 372,9 mln. so‘m ma’muriy jarimalar va  soliq qarzdorligi undirish maqsadida,  Jeep rusumli avtotransport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

Avtomshainasi jarima maydonidan olib chiqish uchun ayrim fuqarolar qarzdorligini bartaraf etishgan.

Avtomashinasi jarima maydonchasiga borishi bilgan fuqaro B.X. 12 ta (4,1 mln.) ma’muriy jarimalarini joyida to‘lashni afzal ko‘rgan.

Toshkent viloyatining «Chinor» yo‘l-patrul xizmati statsionar postida 2022 yilning 1 dekabr kunidan ishga tushirilgan «Yashil» va «Qizil» yo‘lak tamoyili tizimidan ham samarali foydalanib kelinmoqda.

Mazkur YPX postida 2022 yilning 1 dekabr kunidan joriy yilning 1 dekabr kuniga qadar Byuro organlari ish yurituvidagi yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid 4,4 mlrd. so‘mlik (28 885 ta) qarzdorliklar undirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring