Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vatanni yelkasida ko‘targan yigit

Vatanni yelkasida ko‘targan yigit

«Oltin meros press» nashriyotida iste’dodli (marhum) jurnalist, qalbi mudom ezgulik mayog‘idek yongan Sohibjon Alijonovning «Bizni qaritolmas yillar, zamonlar...» kitobi nashr etildi.

Albatta u kishining vafotini milliy jurnalistikamizda baravj o‘sib kelayotgan azim bir chinorning kutilmaganda qulashiga o‘xshatgim keladi. Chindan ham uning sohada o‘z so‘zi va ovozi bor edi.

U halol mehnatdan hech qachon qochmagan. Ro‘zg‘or tashvishida to‘y va konsertlarda boshlovchilik va hofizlik qilgan davrlarini ham o‘zi ko‘p aytib bergan. Oliygohni tamomlagach, maktabda o‘qituvchilik, madaniyat klubida mudirlik, tuman «Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi»da rahbarlik, imkon topildi deguncha dalada dehqonchilik qildi. Bog‘ yaratib, nihol parvarishladi. Juda mohir duradgor ham bo‘lib, kitobdan o‘rin olgan «Yetmish hunarimdan bittasini ishga solganim haqida...» sarlavhali maqolasida uyda foydalanish uchun qo‘lbola fitobochka tayyorlagani va oila budjetiga 10 million so‘m mablag‘ tejab olgani haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bergan.

Uning sohadagi tarjimai holi juda rang-barang. «Bog‘dod» telestudiyasi suxandoni, muharriri va bosh muharriri (1996-1997), O‘zteleradiokompaniya «Yoshlar» telekanali «Davr» direksiyasi bo‘lim boshlig‘i (1998–2000) bo‘lib ishlagan kezlari chindan ham oynai jahonning yorqin yulduziga aylandi.

2000–2006 yillarda Prezident Devonida mas’ul lavozimda madaniyat, ijodiy tashkilot, jamoatchilik bilan aloqalar va matbuot ishlarini muvofiqlashtirdi. 2006–2015 yillarda esa «Davr» axborot dasturlari bosh muharririyati bosh muharriri, 2015–2018 yillarda «Mahalla» teleradiokanali direktori, «Toshkent» teleradiokanali direktorining o‘rinbosari, «O‘zbekiston 24» radiokanali, keyinroq «O‘zbekiston 24» telekanali bosh muharriri sifatida sermahsul mehnat qildi.

2019 yildan «Axborot-tahlil multimedia markazi» davlat muassasasi bosh muharriri va keyinroq direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.

Biz O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetida o‘qir edik. Talabalar yotoqxonasida barcha uchun atigi bitta televizor bo‘lib, undan hammamiz umumiy foydalanardik. Teleradiokompaniya raisi o‘rinbosari Farhod Ro‘ziyev o‘sha yili bizning guruhga rahbar etib tayinlandi. Va turar-joyimizga kelib, vaziyat bilan yaqindan tanishgach, mutasaddilarga jurnalist talabalar uchun alohida xona kerakligini aydilar. Hozirlangan bu xonaga biz turli axborotlar bilan doimiy tanishib borishimiz uchun o‘z hisoblaridan rangli televizor keltirib berdilar.

U vaqtlar internet degan matoh otliqda yo‘q. G‘ishtdek keladigan qo‘l telefonlari ham bitta-yarimda hokimu rektorda bo‘lmasa, biz uni faqat uzoqdan ko‘rib qolardik (albatta, talabalar orasida «Axborot» muxbiri G‘ulom Samadov va eng faol Shuhrat Orif bundan istisno edi). Shu sababli telekanallar yangiliklar dasturlarini, xususan, o‘sha yillari shuhrati-dovrug‘i oshib borgan, bir qadar ochiq va saviyasi ancha baland bo‘lgan «Yoshlar» telekanalining «Davr» dasturini miriqib tomosha qilardik, sohaga qiziqishimiz tobora ortar edi.

Adashmasam, 2000 yil edi. Birinchi Prezident Islom Karimov yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanqidiy, ta’bir joiz bo‘lsa, juda og‘ir yig‘ilish yakunida kutilmaganda jurnalistlar fikrini so‘rab qoladilar? Afsuski, davraning to‘rini to‘ldirib, g‘oz kerilib o‘tirgan kazo-kazo bosh muharrirlaru, ijod ahdi kattakonlari ham bir-biriga bo‘ynini qisib qarab, yuragi orqasiga tortib, ustidan suv qo‘yilganday sho‘ppayib turishar edi. Buni ekranda ko‘rganmiz.

Shunda ularning barining joniga oro kirib, Sohibjon aka shart o‘rnidan turib, garchi ovozida biroz titroq-hayajon sezilsa-da, lekin aytmoqchi bo‘lgan fikrini dadil-o‘ktam, tutilmasdan yetkazganini, bu Birinchi Prezident tomonidan iliq qabul qilinganini mana chorak asr o‘tgan bo‘lsa-da, hamon yaxshi taassurot bilan eslayman. Sohibjon aka biz talabalarning ko‘z o‘ngimizda birdan porlagan edi o‘shanda.

Sohibjon aka Prezident devonida, «Mahalla» va «O‘zbekiston 24» telekanallarida ishlagan paytlari bir piyola choy ustida, tadbirlarda doimiy suhbatlar qilib turardik. U hamma bilan yuqori tafakkur darajasida muloqot olib borishga qodir, katta-kichik rahbaru amaldorlar, turli soha vakillari, oddiy odamlar bilan juda tez til topishadigan mushohadali inson edi.

Uni ko‘p kuyintirgan va hanuz hal qilinmagan muammo — Axborot kanallarimizning xorijiy davlatlarda o‘z muxbirlari yo‘qligi, globallashuv davrida axborotni «birinchi qo‘l»dan olishning qanchalik ahamiyatli va milliy manfaatlarimizga mos kelishi haqida jiddiy kuyunardi. «O‘zbekiston 24» telekanalida bu ish yechimiga bir urinib ham ko‘rdi, lekin bu uning qurbi yetadigan kichik masala ham emas edi.

Sohibjon Alijonov ko‘p qirrali ijodkor bo‘lib, ijodiy faoliyati faqatgina televideniye bilan cheklanib qolgan emas. U ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa «Feysbuk» tarmog‘ida ancha faol qildi. Har bir chiqishi katta ijtimoiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lar, ko‘plab «layk» va «komment»lar yig‘ardi. Muammolarimiz haqida qisqa, lo‘nda va o‘quvchiga manzur bir uslubda qalam tebratardi.

U tili achchiq-keskir edi, yurakning chuqur qatlariga tegadigan qilib yozardi. Fikrlariga kinoya libosini kiydirib, yengil yumor ruhida o‘quvchiga yetkazishning hadisini olgan, jumlalari ostida yashirin ma’nolar ufurib turardi. Aslida o‘tkir muammolarni xaspo‘shlab, yumaloq-yostiq qilib yozib ham bo‘lmaydi...

U sarlavhalarni nihoyatda chiroyli topar, birinchi nigohdanoq o‘ziga jalb etib olar, yozish avvalidayoq jumboqli savol qo‘yar, ijtimoiy-siyosiy mavzular ichiga chuqur kirar edi. Maqolalari hajmi sahifa-sahifa bo‘lmasa-da, lekin bir dunyo ma’no va mazmunga ega, salmog‘i tosh bosadigan, hikmatli-ibratli, albatta har bir so‘zni nishonga mergan kamonchidek aniq urardi.

U hech narsani shunchaki yozmasdi yoki efirga vaqt o‘tkazish uchun chiqmagan. Shu sababli maqolalarining biror abzatsini o‘qimasdan, efirda biror daqiqa tashlab ketib bo‘lmasdi.

Bunday chiqishlarida turfa masalalar — yangidan o‘sib kelayotgan fashizm balosidan tortib, ijtimoiy tarmoqlarda manqurtga aylanayotgan avlodgacha, qonunlarning chalasavodlik bilan chiqarilayotganidan, milliy so‘mimiz dizaynining bir-biriga o‘xshab ketishining sarguzashtnamo oqibatlarigacha, dabdabali to‘ylarimizning millat fojiasiga aylanganiyu tilimizning obro‘sini tushirgan asli o‘zimiz ekanigacha so‘z yuritiladi. 

Xususan, O‘zbekiston qahramoni Lolaxon Murodova haqidagi mashhur ko‘rsatuvi bir badiiy filmdan kam ishlanmagan: «Qishloqda quyosh ertaroq chiqadi... Qishloqda erta tong otadi. Katta shaharlarda odamlar endi-endi uyg‘onganida qishloqdagilar yarim kunlik ishini qilib ulgurgan bo‘lishadi. Lolaxon opa-ku erta turishda oftobni ham dog‘da qoldiradi... Paxtazoru bug‘doyzorlarning tonggi ifori, kezi kelganda changu g‘uborlari ham uning qon-qoniga, vujud-vujudiga singib ketgan».

Bu so‘zlarni ayta olish uchun qahramonning butun o‘y va kechinmalari, ichki iztiroblari, harakatlari yaxlit mantig‘ini teran anglagan, badiiy kamolotga yetgan jurnalist bo‘lish kerak.

Yoki ona tilimiz haqida kuyinib bitgan «Egasi turtkilaganni begona tepkilaydi» maqolasida dushmanni chetdan izlamasdan zabonimizga, eng avvalo, o‘zimiz ko‘proq e’tiborli bo‘lishimiz kerakligini uqtiradi: «Har uchta so‘zdan bittasiga ruscha qo‘shamizmi? Qo‘shamiz. Aksar ko‘pchiligimiz o‘z tilimizda tiniq, ravon gapirolmasligimiz, «anaqa...», «manaqa...», «nima...», «haligi...», deb chaynalishimiz rostmi? Rost! Ikkita jumlani bir-biriga qo‘sholmaydigan, qog‘ozga yozvoganiniyam eplab o‘qib bera olmaydigan amaldorlarimiz borligi haqiqatmi? Haqiqat! Saytlarda, tarmoqda, ko‘cha yozuvlarida uslubiy, imlo xatolari g‘ij-g‘ij ekani bor gapmi? Bor gap! Tilimizning MAMArayimini chiqarib tashlagan o‘zimiz-ku!».

Vodiylik iste’dodli xonanda Muhammadkarim Soipov haqidagi «Suyangani tor bo‘ldi...» maqolasida quyidagi satrlar uning ifoda vositalarini qanday mahorat bilan qo‘llashini yaqqol tasdiqlaydi: «O‘sha damda Hofizning o‘tli xonishlari, nazarimda, qahratondan to‘nglab qolgan havolarni chars-churs yorib tashladi. Qo‘shiqlar harorati osmondan shitir-shitir yog‘ib turgan mayda, qattiq qirov parchalarini iliq ko‘klam yomg‘iriga, yeru ko‘kni iskanjasiga olib zirqiratayotgan ayozni huzurbaxsh bahor havosiga aylantirib qo‘ygandek bo‘ldi, go‘yo».

«To‘y qarindoshda, g‘avg‘osi bizning boshda... bo‘lmasin» maqolasi o‘sha paytda telekanallarda anchayin urf bo‘lgan ma’ni-bema’ni seriallar, birovning o‘rin-to‘shagidan tortib ishtonbog‘igacha muhokama qilinadigan «to‘k» shoular» haqidagi keskin tanqidiy chiqish bo‘lgandi. Albatta bu jarayonlarda munosib harakat qilayotgan jurnalistlar ham borligini, ammo andishasizlik, uyatsizlik, yuzsizlikni pul orttirish manbaiga aylantirib olganlarga aslo toqat qilib bo‘lmasligini va qat’iy chora ko‘rish zarurligini o‘rtaga qo‘ygan.

«Kesishdan oldin o‘lchavosak...» sarlavhali maqolasida esa uyida usta ishlatgani, biroq uquvsizlik qusuri sababli «kuyib» qolganini va bu illat jamiyatimizdagi barcha sohalarda ham ildiz otib borayotganidan tashvishlanadi: «Usta, avval o‘lchab, aniq hisob-kitobini chiqarvolsangiz bo‘lmaydimi?» desam, «Men «na glaz» o‘lchab tashlayman» deydi. Ana shu «na glaz»ining kasriga ko‘p ishni boshqatdan qilishiga to‘g‘ri keldi».

To‘plamni o‘qish orqali taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev va Muhammadjon Obidov, akademik Abdulla A’zamov, vodiydagi ilk xususiy telestudiya direktori Tohirjon Hamroqulov, iste’dodli adib va shoirlar Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, dovruqli askiyachi va iqtidorli qiziqchilar Tesha qiziq, Abdulla Akbarov, xalq artisti Halima Nosirova, betakror qo‘shiqchilar Sherali Jo‘rayev, Yulduz Usmonova, Oxunjon Madaliyev, Muhammadkarim Soipov, Bag‘dod tuman hokimi, Oliy Majlis deputati, ma’rifatli rahbar Abduqahhor Abdusamatov shaxsini qaytadan kashf etamiz.

Sohibjonni yaxshi bilganlar uning go‘zal she’rlar qoralaganini ham eslashadi. Ammo bu nazmiy ishlar qo‘lyozmasini deyarli topib bo‘lmadi. Balki keyinchalik qayta nashrlarda bu bebaho namunalar ham chiqib qolsa, albatta qo‘shish mumkin.

Shu o‘rinda nashrni tayyorlash jarayonida marhumning o‘g‘li, doimiy izlanishdagi jurnalist Azizjon Alijonovning jiddiy harakatlari, otasi qalamiga mansub maqolalaru, telesuhbatlarini turfa manbaalardan, televideniyeda qolgan kompyuteriyu, «Feysbuk»dagi chiqishlaridan to‘plab-tahrirlab, do‘st-aqrabolari bilan suhbatlarni tizimli jamlaganini ta’kidlamoqchiman.

Kitobni o‘qish jarayonida yana bir karra amin bo‘ldim: Sohibjonning ota-onaga, yaqinlariga mehr-oqibati, qo‘l ostidagi xodimlarga saxovati, mustahkam tirgakligi, yosh jurnalistlarga baqamti bo‘lib, ko‘rsatgan adoqsiz e’tiboru rag‘bati, qishloqdagi samimiy yoshlik yillari, uchta farzand bilan issiq joyini sovutib, yangi marralarga erishish uchun poytaxt Toshkentga markaziy telekanalga kelgani, musofirchilikdagi qiyinchiliklari to‘plamning ikkinchi qismidan joy olgan hamkasbu shogirdlari, qarindoshlarining u haqidagi xotiralari, fikr-mulohazalarida mukammal ifodasini topgan.

Kitobning birinchi qismidan Sohibjon Alijovning qirqqa yaqin maqolalari, hikoyalari joy olgan. Keyingi qismda esa 30ga yaqin do‘stlari va maslakdoshlari tomonidan u haqida bildirilgan mulohazalari keltirilgan. Xususan, butun xalqimiz yaxshi taniydigan xalq shoiri Iqbol Mirzo, milliy jurnalistikamizning zabardast vakillari — Komiljon Shamsiddinov, To‘lqin Po‘latov, Lobar Po‘latova, Husniddin Ergashev, Feruza Oripova, Aziza Qurbonovaning u haqidagi fikr-mulohazalari, ibratli hayotiy faktlari kitobning ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bu dunyo bir bozor. Kimlar kelib, kimlar ketmagan. Lekin suhbatlashganingizda samimiyatdan qoramag‘iz ikki yonoqlari beixtiyor qizarib turadigan, davra ko‘rgan, daryodil, o‘z sohasining professionali bo‘lgan Sohibjon Alijonov xotirasi zamondoshlarimiz ko‘ngillarida boqiy yashaydi, shubhasiz.

Laziz Rahmatov,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring