Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sirena» yoki «migalka» o‘rnatishga ruxsat berilmaydi

«Sirena» yoki «migalka» o‘rnatishga ruxsat berilmaydi

Foto: Xushnudbek.uz kanali

Joriy yilning 4-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «2021-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalariga maxsus tovushli ishoralar beruvchi moslama «SIRENA» yoki yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha «MIGALKA» o‘rnatish uchun bir yiliga BXMning 50 foizi (1 431 660 so‘m) miqdorida pul to‘lab ruxsatnoma berilishi belgilandi» degan xabar tarqaldi. IIV YHXBB axborot xizmati buni asoslanmagan yolg‘on xabar deya izohladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 3-ilovasi (Transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.21-bandiga ko‘ra, transport vositalari o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan bo‘lsa, yoxud transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-noyabrdagi «Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 758-son qarorida transport vositalariga to‘lov asosida yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va (yoki) maxsus tovushli ishoralar o‘rnatish uchun ruxsatnoma berilishi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish — ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Ijtimoiy tarmoqdagi barcha norasmiy sahifalar egalaridan asoslanmagan, yolg‘on ma’lumotlarni o‘z sahifalarida e’lon qilmasliklarini so‘rab, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun tegishli tartibda javobgarlik mavjudligi haqida ogohlantiramiz», deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring