Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxorodagi Shohrud arig‘i: tarix va madaniyat o‘rtasidagi uzilish

Buxorodagi Shohrud arig‘i: tarix va madaniyat o‘rtasidagi uzilish

Foto: Xabar.uz

Ishdan piyoda qaytdim. Havo toza va yoqimli. Tarixiy manbalarda “Rudi zar”, “Oltin ariq”, “Shahar arig‘i” deya turli nomlar bilan atalgan Buxoro shahri ichidan oqib o‘tuvchi Shohrud arig‘i (ariq tarixiga keyinroq to‘xtalamiz) bo‘ylab yurar ekanman, atrofida salobat to‘kib turgan Buxoro davlat universiteti, Buxoro shahridagi Prezident maktabi, O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Buxoro viloyati akademik litseyi, viloyat ma’naviyat va ma’rifat Kengashi binolarini ham bir-bir bosib o‘taman. Ariqning beton qoplama ustunlari ustida odamlar, xususan, talabalar, turnaqor tizilishib turibdi. Kim muzqaymoq yemoqda, kim salqin ichimliklardan bahramand, yana biri fast-fud taomlarni paqqos tushirmoqda. Xullas, bu hududda jonli ijtimoiy muhit mavjud.

Ariqqa irg‘itilgan madaniyat

— He-yey, bezbetlarcha lavashingni qog‘ozini otvording-a, uyat-ye!, — deb yubordim shundoq odamlar ko‘z oldida yeguligining o‘rama qog‘ozini ariqqa irg‘itib yuborgan talaba yigitga qarab.

Kutilmagan va yetmaganiga begona bir odamning po‘pisali tanbehidan o‘zini o‘nglab ololmagan talaba, shosha-pisha uzr so‘rab qoldi. Ammo, uning yonida cho‘nqayib o‘tirib olgan sherigi munosabatimga qasddan kulgandek qo‘lidagi tunuka idishli “energetik”ni ariqqa irg‘itib yubordi.

— Nima, xo‘jayinmisiz, ariqqa?! — dedi.

— Qanday o‘ylasang! ... Kerak bo‘lsa, har bir hududga... uning tozaligini, ekologiyasini asrash uchun sen ham “xo‘jayin” bo‘l! Uqdingmi?! — qo‘pollashdim men ham asabiylashib.

Bu orada voqeaga guvoh boshqalar ham  yoshlarning “madaniyat”ni unutib qo‘yishayotgani haqida  gapirib-gapirib o‘tishdi.

— Bo‘ldi, opa! Kamchilik mendan o‘tdi, — deya lavash o‘ram-qog‘ozini ariqqa irg‘itgan talaba sherigini ortiqcha gapirmaslikka chaqirib, beton ariqqa ohista tushib, engashib, tashlagan qog‘ozini olgan ko‘yi xatosini tuzatdi.

Boshqa yoshlar ham bo‘lib o‘tgan qisqagina tortishuvdan xulosa chiqardimi, qo‘llaridagi otib yuborilishga shay chiqindilarini olib, biroz narida turgan chiqindilar qutisiga qarab ketishdi.

Aynan shu — yonidan Shohrud arig‘i oqib o‘tuvchi hudud sanalgan Buxoro davlat universiteti Talabalar turar joyi manzilida kun davomida talabalar va yoshlar oqimi kuzatiladi.

Yo‘limda davom etar ekanman, Buxoro davlat texnika universiteti qarshisidagi aylanma katta yo‘l chorrahasiga tutash manzilda Shohrud arig‘ining holati ko‘z o‘ngimda yana bir og‘riqli manzarani ochdi. Bir paytlar tiniq suvi bilan atrofga hayot bag‘ishlab oqqan bu ariq suvi quyqalashgan, rangi o‘zgargan edi. Tubigacha axlat va turli chiqindilar to‘planib qolgan holda sust va og‘ir oqardi. Oqimdagi suv emas, insonning beparvoligi oqibatlari oqib o‘tayotgandek tuyulardi.

Chorraha atrofidagi harakatli hayot: talabalarning shoshilinch qadamlari, avtomobillarning uzluksiz oqimi, shaharning kundalik shovqini, hamma-hammasi tabiiydek ko‘rinsa-da, shu manzara ichidagi ariq holati o‘ziga xos ziddiyat yaratadi. Bir tomonda bilim va taraqqiyot,  yoshlar va kattalar, ikkinchi tomonda esa tabiatning eng oddiy qismi ham asrab qolinmayotgani namoyon bo‘ladi.

Ariq bo‘ylab yig‘ilgan plastik idishlar, maishiy chiqindilar va turli qoldiqlar suvning tabiiy harakatini ham sekinlashtirgan. Oqimning qiyinlashib, quyqalanib ketishi esa faqat ekologik muammo emas, umumiy madaniyat va jamoaviy mas’uliyatning qay darajada ekanini ham ko‘rsatadi. Bu manzarani ko‘rgan har qanday kishida, tabiiyki, savol tug‘iladi: bunday holatga befarq qarashga haqqimiz bormi?

Bu yirik manzil  tabiiy ravishda madaniy va ekologik ongning shakllanishi uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Ammo, aynan, shu joylarda Buxoro viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, shuningdek, Buxoro shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan ariqning tez-tez, hatto, muntazam tozalanishiga qaramasdan, inson omili bilan bog‘liq bee’tiborlik oqibatida chiqindilar tashlanishi holatlari har kuni kuzatiladi. Bu ko‘plab mehnat va resurs sarflanib, amalga oshirilgan tozalash ishlarining samarasini pasaytirmay qo‘ymaydi. Tarixiy muhitning sofligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan anglash mumkinki, ayrim paytlarda amaliy ish bor bo‘lsa-da, ijtimoiy mas’uliyatning hamda ekologik madaniyatning yetishmasligi muammoga aylanmoqda.

Goh-gohda ariqning xuddi shunday holatini sayyohlar oqimiga to‘la Buxoro shahrining eski shahar qismidan o‘tuvchi manzilida ham kuzatish mumkin.

Tarixga ko‘ra, Buxoro vohasining shakllanishida Zarafshon daryosining o‘rni beqiyos hisoblangan. Shuning uchun ham tarixchi olimlar “Buxoro — Zarafshon daryosining in’omi” deb tariflashgan.

“Rudi zar”dan Shohrudgacha

Yosh tarixchi olim Halim To‘rayevning bildirishicha, Zarafshon daryosi Buxoro vohasi hududiga kirgach, undan 35 ta magistral kanal ajralib chiqqan. Ushbu kanallar vohani obod qilib, rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.

«Shohrud arig‘i boy tarixga ega. Ma’lumki, dunyodagi ilk sivilizatsiyalar daryo va suv havzalari bo‘yida vujudga kelgan. Masalan, Qadimgi Misrda Nil havzasi bo‘yida, Ikki daryo oralig‘i (Mesopatamiya)da Dajla va Frot daryolari o‘rtasida, Hindistonda Hind va Ganga daryolari bo‘yida qadimgi aholi manzilgohlari, shahar-davlatlar vujudga kelgan. Shu o‘rinda, Buxoro vohasining shakllanishi, qadimgi aholi manzilgohlari, qishloq va shaharlarning taraqqiy etishida Zarafshon daryosining o‘rni beqiyos hisoblanadi. Bevosita Buxoro shahrining paydo bo‘lishida Zarafshondan quyilib kelgan Shohrud arig‘i ham muhim ahamiyat kasb etgan.

Shohrud arig‘i qadimgi Eronning Semnan viloyatida joylashgan qadimiy yer osti suvlarini boshqarish tizimidir. Kanal eramizning III-VII asrlarigacha davom etgan Sosoniylar davrida qurilgan, deb taxmin qilinadi. Shohrud arig‘i Mozori Sharif darvozasi yonidan oqib o‘tgan. Ushbu ariq tog‘ suvlarini qishloqlar va shaharlarga yetkazadi. Taxminan, 40 kilometr uzunlikdagi  ariq butun tarixi davomida qishloq xo‘jaligini ta’minlash uchun muhim rol o‘ynagan. Kanalning muhandisligi va qurilishi gidravlik tizimlar va suvni boshqarish texnikasi haqidagi qadimgi fors bilimlarini aks ettiradi» , — deydi Tal’at Halimov.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, Shohrud arig‘ining bir qismi bo‘lgan qanot tizimi ming yillar oldin mavjud bo‘lib, suvni boshqarishning murakkab va barqaror usulini ifodalaydi. XVI asrda Shohrud arig‘i orqali ishonchli suv ta’minoti dehqonlarga bug‘doy, arpa, meva va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkonini bergan. Qiyin sharoitlarda mahalliy iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligiga ham hissa qo‘shgan.

Bu qadimiy ariq Buxoro shaharsozligining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. U Zarafshon daryosining bir qismi va shaharning eng qadimiy qatlamlaridan tortib, to o‘rta asr shahristonigacha bo‘lgan hududlar orqali oqib o‘tgan. Arxeologik va qadimiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Buxoro markaziy relefida muhim yo‘nalishga ega bo‘lgan. Muarrix Narshaxiy Buxoro va uning atrofida o‘n ikkita anhor bo‘lganini yozib, ularning so‘nggisini aynan, “Rudi zar” deb atagan, ya’ni shaharni sug‘oruvchi asosiy manba sifatida qayd etgan. Uning ta’kidlashicha, sersuv bu daryoni xalq qazigan.

Buxoro sivilizatsiyasini sug‘organ qadimiy gidrotizim

O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonov esa ariq Buxoro shakllanishidan ancha avval hozirgi Ulug‘bek va Abdulazizxon madrasalari, Toki Zargaron, Mir Arab madrasasi, Minorai Kalon hamda Masjidi Kalon hududlari orqali oqib o‘tganini bayon qiladi.

«Shu ariq ikki sohili bo‘ylab shahar asta-sekin rivojlangan va dastlab, uch manzilgoh paydo bo‘lgan. Biri daryoning o‘ng sohilidagi hozirgi Ark qo‘rg‘oni, qolgan ikkitasi esa Poyi Kalon ansambli va o‘rta asr shahristoni hududlaridir. “Rudi zar” suvi Qalobod tomondan shahar hududiga kirib kelgan. Bu yerda yog‘ochdan barpo etilgan to‘g‘on tizimi mavjud bo‘lib, yoz mavsumida suv ko‘tarilganda, to‘g‘ondagi ayrim yog‘och to‘siqlar bosqichma-bosqich ochilgan. Natijada daryo oqimi Poykentga yo‘naltirilib, suv miqdori nazorat qilingan holda taqsimlangan. Suvning asosiy yo‘nalishi Qorako‘l tomonga burilgani shaharni suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan. Shu bilan birga, daryoning shahar ichidagi kirish-chiqish nuqtalarini boshqarish uchun o‘sha davrda murakkab gidrotexnik qurilmalar tizimi yaratilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, daryo shaharga Mozori Sharif darvozasi (hozirgi Buxoro yuridik texnikum atrofi) orqali kirib kelgan va Talipoch darvozasi (hozirgi “Buxoro” savdo majmuasi yaqinidagi devor qismi) orqali chiqib ketgan», — deydi Shavkat Bobojonov.

Bu manbalar Shohrudning qadimgi Buxoro markazini sharqdan g‘arbga qarab kesib o‘tganini va uning shahar hayotida muhim gidrografik ahamiyat kasb etganini ko‘rsatadi. Shu tariqa asrlar davomida Shohrud Buxoro aholisining hayot tarzida asosiy o‘rin tutgan. Shohrud va undan ajralib chikadigan boshqa ariqlarning ikki tomonida pishiq g‘isht va xarsangtoshlar bilan yotqizilgan. Ularning ayrimlari ustida ko‘priklar xam bo‘lgan. Shu bilan birga, u shahar iqlimini mo‘’tadillashtirish imkonini bergan. Yuqori darajadagi issiq havoda ham nisbatan salqin muhit hosil qilgan. Bu esa Buxoroning tabiiy-ekologik barqarorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa, Zarafshon suvlarining boshqa yo‘nalishlarga ko‘proq taqsimlanishi oqibatida, ariqning suv tartibi o‘zgargan. Uning tubida loyqa qatlamlar to‘plana boshlagan. Keyinchalik, XX asrning ikkinchi yarmida uni qayta tiklash va tozalash ishlari amalga oshirilgan.

Suhbatdoshning ta’kidlashicha, 1970–1975-yillarda keng ko‘lamli rekonstruksiya jarayonlari o‘tkazilgan. Ariq tubi kovlanib, tozalangan, beton va temir-beton inshootlar bilan mustahkamlangan. Bir qator ko‘priklar qurilgan. Keyingi yillarda ham bosqichma-bosqich ta’mirlash va yangilash ishlari davom ettirilib, kanalning gidravlik barqarorligi saqlab kelinmoqda. Shaharning qadimiy obidalari ostidan oqib o‘tuvchi ariq osti 3 metr chuqurlikda tozalanib, XVІ asr holatiga qaytarilgan. 150 ming kubometr tuproq tozalash ishlari bajarilib, 4 ming kubometr beton, 9 ming kubometr temir betonlar yotqizilgan. Shuningdek, kanal ustida 13 ta ko‘prik qurilgan. Hozirda kanal osti va ustining kengligi 2,8 dan 3,2 metrgacha. 2024-yilda “Somoniy bog‘i” hududidan o‘tuvchi ariqning barcha qismlari rekonstruksiya qilingan.

“Xo‘jayinlik” tuyg‘usi va fuqarolik ongi

Ko‘rib turganingizdek, Shohrud arig‘i tarixan Buxoroning suv tizimida muhim o‘rin tutgan, mahalliy aholi uchun hayot manbai bo‘lgan.  Biroq, vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa, bugun uning atrofidagi odamlar ta’siri, nazoratsiz chiqindilar va yetarli ekologik e’tibor yo‘qligi bu tabiiy oqimni asta-sekin zaiflashtirib qo‘ydi.

Yo‘limda davom etar ekanman, bu manzara ko‘z o‘ngimdan uzoq ketmadi. Chunki, bu holat biz yashab turgan muhit, biz yaratayotgan va bir vaqtning o‘zida yo‘qotayotgan shahar qiyofasidir.

Bu ko‘rinish tozalik bilan cheklanib qolmay, jamiyatning, ayniqsa, yoshlarning umumiy madaniy saviyasi va mas’uliyat tuyg‘usini oshirish kerakligini anglatmoqda. Merosni asrash birgina davlat yoki xizmat tashkilotlarining vazifasi emas, har bir fuqaroning kundalik madaniy burchi ekanini unutmaslik lozim.

Maqola avvalida aytib o‘tganim, beixtiyor bir talabaning: “Nima, xo‘jayinmisiz, ariqqa?!”, degan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglaydi. 

Ha, shu yurtning, shu o‘lkaning har bir farzandi ekologik madaniyat, atrof-muhit va tarixiy boyliklarni asrab-avaylash uchun o‘zini xo‘jayin va haqiqiy ma’noda mas’ul deb bilmas ekan, vaziyatning o‘zgarishi qiyin.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring