«Tonirovka» bo‘yicha qaror qabul qilindi: 1-avgustdan qoraytirilgan oynali avtodan pulli foydalanish mumkin
Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirlining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq:
- 2018-yil 1-avgustdan qoraytirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi;
- oynalarni qoraytirish Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi» DUK tomonidan amalga oshiriladi;
- oynalarni qoraytirish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX)dan ruxsatnoma (1 yilga beriladi) olish kerak;
- orqa oynani yorug‘lik o‘tkazuvchanlik besh foizdan kam bo‘lmagan (95 foizga qoraytirish), orqa yon oynalarni yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan (70 foizga qoraytirish) darajada o‘zgartirish mumkin;
- old oynaning tepa qismini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan shaklda o‘zgartirish uchun ruxsatnoma shart emas;
- xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalarini O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.
Qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun to‘lovlar:
- jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 90 baravari (16 587 000 so‘m);
- yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 120 baravari (22 116 000 so‘m);
- xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga eng kam ish haqining 140 baravari (25 802 000 so‘m).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter