Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tog‘larga tirmashgan shahar yoki saljuqiylarning «murod ko‘prigi»

Tog‘larga tirmashgan shahar yoki saljuqiylarning «murod ko‘prigi»

Foto: Xabar.uz

Xalqimizda «yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra», degan naql bor. Ushbu ma’noli so‘z kishini harakat qilishga, dunyo ko‘rishga da’vat qiladi. Jumladan, bizning ham Turkiyaning janubi-sharqiy hududlariga qilayotgan sayohatimiz davom etadi. Avval sizga Van ko‘li, muzeyi, Urartu qal’asi kabilar haqida ma’lumot bergandik. Endi esa yo‘limizni sal janubroqqa burib, Mush, Bitlis va Tatvan kabi shaharlarni kashf etamiz. 

Tatvan shahrida qariyb 80 mingdan oshiq aholi yashaydi. Van ko‘li bo‘yida joylashgan shahar yuqoridan qaraganda dengiz portini eslatib yuboradi. Shahar yashillikka boy, ekologiyani xush ko‘ruvchi sayyohlar uchun qulay maskan sanaladi. Shaharda Anqara va Tehronni bog‘lovchi temiryo‘l stansiyasi ham mavjud.

Tatvan shahri.
Markaziy ko‘chalardan biri.

Van ko‘li bo‘ylab, tog‘lar oralab ulov katta tezlikda harakatlanadi. Atrof go‘zal, xuddi O‘zbekiston tog‘laridagi dovonlarda yurgandek bo‘lasiz. Van ko‘li va Tatvan shahri ortda qoladi, hatto Bitlisni ham ortda qoldirib, kichkina, lekin sirli va go‘zal bo‘lgan Mush shahriga yetib boramiz. 

Nega aynan Mush? Nima degani u?

Bu haqda turli taxmin va afsonalar mavjud. Ayrim manbalarga ko‘ra, Mush nomi armancha «Mshush» so‘zidan kelib chiqqan, bu «tuman» degan ma’noni anglatadi. Arman an’analariga ko‘ra, butparast ma’buda Astgik kechqurunlari Grgur tog‘idan tushib, daryoda cho‘milish odati bor edi. Mahalliy aholi bundan xabar topib, uning go‘zalligini ko‘rish uchun tepaliklarga o‘t yoqishni boshladilar. Shundan keyin hududda o‘tib bo‘lmaydigan tuman paydo bo‘la boshladi. Shuning uchun shahar va tuman tez-tez uchrab turadigan butun hudud Mshush deb atala boshlandi, u og‘izdan og‘izga o‘tib, Mushga aylandi. Albatta, bu bor-yo‘g‘i bir afsona.Mush jud ko‘p urushlar va tarixiy jarayonlarga guvoh. U Mansikert jangi (1071)dan keyin saljuqiylar qo‘liga o‘tadi. 

Shahar biz borganda ham yomg‘ir va bulutlar og‘ushida edi. Shaharning tashrif qog‘ozi esa XI asrda saljuqiylar tomonidan qurilgan  Murod ko‘prigidir. U Murod daryosidan oqib o‘tgani uchun ham shunaqa ataladi. Ko‘prik ustida yursangiz, o‘zingizni xuddi Buyuk Xitoy devorida yurganday his qilasiz. 

Saljuqiylar davrida qurilgan ko‘prik. 

Murod ko‘prigining yoshi ming yilga yaqinlashib qoldi. U 1871 yilda Usmoniylar tomonidan ta’mirlangandi. Mushda joylashgan Uluu ja’mi (jom’ye) masjidi ham diqqatga sazovor manzillardan biri sanaladi. Muhim tomoni, ushbu qadimiy masjidda hozir ham bemalol ibodat amallarini bajarish mumkin. 

Mushdagi masjid mehrobi.

Van ko‘lidan 20 kilometrcha uzoqlikda Bitlis shahri joylashgan. U ham qadimiylikda boshqa shaharlardan qolishmaydi. Hatto u o‘z qo‘shnilaridan mahobatliroq: naq tog‘larga chirmashib ketgan. Shahardan o‘tgan anhor va uning ko‘priklarini o‘zini san’at asari deysiz. 

Bitlisning asos solinishi ham afsonalarga borib taqaladi, aytilishicha, u Aleksandr Makedonskiy ko‘rsatmasi bo‘yicha general Lis tomonidan qurilgan bo‘lib, shaharga «Yovuz tulki» yoki «Petlis» nomi berilgan. Ilgari shaharning markaziy qismida oqadigan buloqlardan biri Iskandar nomi bilan atalgan. Usmoniy hukmdor Murod beshinchi davrida Bitlis uzil-kesil mamlakat tarkibiga kirgan. Uzoq yillar davomida shaharning arman, kurd va boshqa xalqlar yashagan. 

Bitlis qal’asi.
Tog‘larga tirmashgan mahobat.

Bitlisda ham Uluu ja’mi masjidi mavjud. Afsuski Bitlis qal’asi hozirda sayyohlar uchun yopiq bo‘lgani sababli uning mahobatidan to‘liq bahra olish bizga nasib etmadi. Ammo qal’a tashqi tomondan ham shaharga ko‘rk berib turibdi. 

Bitlisdagi masjid.

Bitlisdagi borganimizda yengil yomg‘ir yog‘ib o‘tayotgandi. Ushbu havoda issiqqina bardak choyini xo‘plab, shaharni kuzatishdan zavqliroq mashg‘ulot bo‘lmasa kerak. Katta shahar shovqinlari, tirbandliklar va boshqa asabbuzarliklardan charchadingizmi? Biz yuqorida tilga olgan manzillarga tashrif buyuring. Tan olaylik, bugun tezkor zamonda shunga o‘xshash sokin joylar shiddat bilan kamayib ketmoqda. 

Ulug‘bek Oripov, Xabar.uz muxbiri,
Bitlis-Mush-Tatvan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring