Majlis, boshliq va o‘rinbosar (hajviya)
– Oling endi, qo‘lni qaytarmang. Oshdan oldin bir piyola hech narsa qilmaydi.
Soli Valiyevichning «ish vaqtida ichmayman», deb o‘z-o‘ziga bergan va’dasi miyasida charx urib turgan bo‘lsa-da, aroq uzatayotgan ilhaq qo‘lni qaytarishga ra’yi bo‘lmay turardi. Shunday bo‘lsa-da, ichmaslikka oxirgi bor urinib ko‘rdi:
– Tushdan so‘ng bir yig‘ilishga borishim kerak, ichib borish noqulay.
– O‘sha yig‘ilishga biz ham aytilganmiz, – piyola uzatayotgan kishi bo‘sh kelmadi. – Majlisga o‘rinbosarni yuborasiz. Sizni bir oz mazasi yo‘q deydi. Axir o‘rinbosar nima uchun kerak? Rahbar ham odam, dam olishga haqqi bormi, yo‘qmi? Nima dedinglar?
O‘tirganlar baravariga «albatta, albatta» deb bu gapni ma’qullashdi.
Daldalardan bir oz xotirjam bo‘lgan Soli Valiyevich ko‘nglini orziqtirib yuborgan aroq to‘la piyolani oldiga qo‘yarkan, mulohaza yuritdi: «Haqiqatan o‘rinbosarni yig‘ilishga yuborish mumkin-ku! Nima gaplar bo‘lganini kelib aytadi».
U o‘ylagan o‘yidan qanoat hosil qilib ishxonaga sim qoqdi. Bir oz mazasi yo‘qligi, o‘rniga o‘rinbosar yig‘ilishga borishi kerakligini kotibaga qattiq tayinladi.
«Oshning tagida qoladigani»dan so‘ng, «juft bo‘lsin» ham olinib, orqasidan ancha vaqt choyxo‘rlik qilindi. Soli Valiyevichning nigohidagi xavotir alomati ketmagan edi.
– Yangi rahbarsiz. Har narsaga yurak hovuchlab turish yaramaydi, – uning holatini ko‘rgan kattagina korxona rahbari tinchlantirgan bo‘ldi. – Hali o‘rganib ketasiz. Odam faqat ishni emas, o‘zini ham o‘ylashi kerak, uka. Erta osh navbati bizniki, albatta keling. Bu taklif hammaga taalluqli.
Ish vaqti tugashiga bir soat qolganda kayfi bir oz tarqagan Soli Valiyevich ishxonaga qaytib, o‘rinbosarini chaqirtirdi.
– Nima gap? Yig‘ilishga bormaganim uchun gapirishmadimi?
– Yo‘q. Yig‘ilishni o‘rinbosar o‘tkazdi. Rahbarning mazalari bo‘lmabdi.
Soli Valiyevich stol ustidagi xatlarni ko‘zdan kechirar ekan, ertaga bo‘ladigan majlisning taklif qog‘ozini o‘rinbosarga uzatdi.
– Shu yig‘ilishda siz ishtirok eting. Mabodo meni so‘rab qolishsa, vazirlikka ketgan deb ayting.
– Xo‘p bo‘ladi, Soli Valiyevich!..
Xurshid Nurullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter