Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Qaytar dunyo deydilar

Qaytar dunyo deydilar

10 milliardlik Yer shari aholisi teng ikkiga bo‘linib, «Paxtakor» va «Bunyodkor» uchun muxlislik qilardi...

Foto: Pikabu

2037-yil, kuzning so‘nggi kunlari. A. shahrining meri (bu paytga kelib «hokim» tushunchasi eskirib, uning o‘rnida allaqachon «mer» qo‘llana boshlagandi) Chaqmoqbek To‘ra kechasi bilan uxlolmadi. Ayniqsa, kechagi olamshumul «El klassigi» (Ba’zi keksalar uni o‘tmishdagi «El Klassiko» bilan adashtirib turishardi) uchrashuvida «Paxtakor»ning «Bunyodkor»ga 3:0 hisobida yengilishi uning kayfiyatini tamomila rasvo qilgandi (bu paytga kelib, dunyo futbol muxlislari «Barsa», «Real» singari klublarni paqqos esdan chiqarib yuborgan, 10 milliardlik Yer shari aholisi teng ikkiga bo‘linib, «Paxtakor» va «Bunyodkor» uchun muxlislik qilardi).

Mer alamini kimdan olishni bilmadi. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Kimnidir yaxshilab so‘kib xumordan chiqishi shart. Beixtiyor bugun ertalab shahar faollari yig‘ilishi borligini esladi. Demak, alamini to‘kishning yaxshigina yo‘li bor.

U o‘zining «Ayfon 22» rusumli ko‘zga ko‘rinmas telefonining chaqiruv xizmatiga xayoliy signal yuborgach, oradan sanoqli soniyalar o‘tishi bilan uyining oldiga «Neksiya-33» rusumli haydovchisiz yuradigan xizmat mashinasi kelib to‘xtadi. Aslidagi yosh xodimlari bilan alohida majlis o‘tkazish shart emas. Hammasini zamonaviy texnologiyalar yordamida masofadan turib hal qilish mumkin. Lekin azaliy urf-odatlarga sodiq mer akamiz yuzma-yuz tarzda har hafta ertalab shahar faollarini to‘plab, yig‘ilish o‘tkazmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Chaqmoqbek To‘ra shahar meriyasining ulkan chig‘anoqni eslatuvchi 23 qavatli binosida (shahardagi hamma ma’muriy idoralar shu yerda joylashgandi) shahar mahallarining raislarini birma-bir turg‘izib, bo‘ralab so‘kmoqda edi.

Biz muhtaram o‘quvchilarga hurmat yuzasidan Chaqmoqbek To‘raning chaqmoqdek nutqidagi uyatsiz so‘zlar, so‘kinishlar o‘rniga faqat nuqtalar ishlatdik:

– ....................................................................................................................................... Eshitdilaringmi?! (Nutqda juz’iy qisqartirishlarga yo‘l qo‘yildi – tahr.)

Chaqmoqbek To‘ra 33 daqiqalik nutqi davomida 1437 ta uyatli so‘z ishlatib, (biz ularning qaysi so‘z turkumiga ega ekanini aniq yozib o‘tirmadik – tahr.) o‘zini ancha yengil his qildi. (2034 yilgi jahon chempionati finalida O‘zbekiston termasi Braziliyaga 2-1 hisobida yutqazib qo‘yganida ham, muovinini rosa so‘kib, shunaqa yengil tortgandi).

Majlisdan chiqqanida «Ayfon 22» rusumli ko‘zga ko‘rinmas telefonning quloqqa eshitilmas signalidan (bu telefonlar faqat his qilinardi) sergak tortdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha A. shahar sudidan SMS-xabar kelgandi. Zum o‘tmay, bitta signal bilan xabarning mohiyati uning miyasiga uzatildi:

«Sizkim, A. shahar meri Chaqmoqbek To‘ra 33 daqiqayu 4 soniya davomida majlisdagi 38 nafar shaxsga 1437 ta uyatsiz so‘z ishlatganingiz uchun (so‘zlarning lingvistik va morfologik tahlili ilova qilinadi) majlis ishtirokchilarining 37 nafari ustingizdan sudga onlayn tarzda shikoyat qildi va barcha nutqingiz yozib olingan faylni ham jo‘natishdi. Shu bois, siz tegishli qonun moddalariga ko‘ra, 37 nafar fuqaroning har biriga 1000 so‘mdan kompensatsiya, davlat xazinasiga yana 8000 so‘m jarima to‘laysiz (majlis ishtirokchilarining plastik kartochkalari raqamlari ilova qilinadi).

Bu SMSni anglashi bilan merning ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘ldi. «Ming la’nat, ertagayoq hokimiyat binosiga kiradiganlarning apparatini qorovul robotlarga qoldirib chiqish bo‘yicha buyruq chiqaraman», dedi.

Merning kuyinganicha bor edi. Chunki, naq 45 ming so‘mga tushib o‘tiribdi. Bu pulni davlat kursiga hisoblaganda (qora bozor tugatilganiga 20 yil bo‘p qolgandi) 90 ming dollarga teng. Buncha pulni qayerdan topadi? Hokimlar... uzr merlar 15 yildan beri bir tiyin pora olmay qo‘yishgan, to‘rt ming so‘m maoshga qanoat qilib kelishadi. Demak, bir yillik maoshi qulog‘ini ushlab ketdi...

«To‘xta, «oqsoqollar»ning faqat 37tasi o‘tirgan joyidan sudga shikoyat yuboribdi. (Odamlar bu paytga kelib o‘z huquqlarini puxta biladigan bo‘p qolishgandi). Qaysi insofli mahalla raisi unga «rahm» qilib, shikoyat yozmadiykin?

Mer shu savol ustida bosh qotira boshlagan paytda, Murod Rajabov nomidagi mahalla raisi, 62 yoshli Elmurod Ne’matullayev o‘z hujrasida xuddi savdoyidek o‘ziga o‘zi gapirib o‘tirgandi:

— Tavba, qaytar dunyo deganlari shu ekan-da? Yigirma yil ilgari shu shaharda hokim bo‘lganimda, xuddi shu mahalla (u paytda mahalla «Oq oltin» deb atalardi – tahr.)ning raisini «...........ni ..... ga ....aman» deb so‘kkandim. Endi bolam tengi manavi mishiqi xuddi shu so‘zlarni o‘zimga qaytarib o‘tirsa-ya? Mayli, nima bo‘lgandayam, ustidan shikoyat qilmaganim tuzuk bo‘ldi. Men ham edim seningdek, sen ham bo‘lasan meningdek...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring