Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

8 soat uxlasangiz ham charchoq bilan uyg‘onyapsizmi? Tetik uyg‘onish uchun kofe shart emas!

8 soat uxlasangiz ham charchoq bilan uyg‘onyapsizmi? Tetik uyg‘onish uchun kofe shart emas!

Ko‘pchilik ertalab uyg‘onishni kunning eng og‘ir qismi deb hisoblaydi. Budilnik chalinishi bilan yana yostiqqa bosh qo‘yish istagi paydo bo‘ladi. Ammo olimlar insonni ertalab tabiiy ravishda tetik uyg‘otadigan oddiy, lekin juda kuchli usullarni aniqlashgan.

Kechqurun telefon ko‘rish zamonaviy insonlarning eng katta dushmaniga aylangan. Ekrandan chiqadigan ko‘k nur melatonin gormonini to‘xtatadi, miyani uyg‘oq holatda ushlab turadi, chuqur uyqu fazasiga o‘tishni qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham telefon bilan uxlaydigan insonlar ko‘p uxlasa ham charchoq bilan uyg‘onadi.

Budilnik ovozini baland emas, sokin qiling. Chunki keskin va baland ovozli budilnik miyada stress reaksiyasini qo‘zg‘atadi. Shuning uchun inson asabiy va charchoq bilan uyg‘onadi. Mutaxassislar tabiat tovushlari, yomg‘ir, qushlar sayrashi, yengil musiqa bilan uyg‘onishni tavsiya qilishmoqda. Bu miyani asta-sekin faollashtiradi.

Uyg‘onishingiz bilanoq telefonga qaramang. Eng katta xato ko‘zni ochish bilan telefonni ushlash. Bu paytda miya hali yarim uyqu holatida bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlar va xabarlar esa stress gormonini keskin oshirib yuboradi. Olimlar uyg‘ongandan keyingi dastlabki 20 daqiqani miyaning oltin vaqti deb atashadi.

Bir stakan suv — tabiiy energiya! Tun davomida organizm suvsizlanadi. Shuning uchun ertalab bosh og‘rig‘i, karaxtlik, kuchsizlik paydo bo‘ladi. Uyg‘onish bilanoq 1 stakan iliq suv ichish esa qon aylanishini tezlashtiradi, miyani uyg‘otadi, metabolizmni faollashtiradi.

Quyosh nuri — eng kuchli budilnik! Ertalab tabiiy yorug‘likni ko‘rish organizmga “kun boshlandi” degan signalni yuboradi. Bu vaqtda kortizol gormoni tabiiy ko‘tarilib, uyquchanlikni haydaydi, energiyani oshiradi, kayfiyatni yaxshilaydi. Shuning uchun uyg‘onish bilanoq, pardalarni oching, balkonga chiqing, 5 daqiqa quyosh nuridan baxra oling.

Yana 5 daqiqa uxlash energiyangiz qotili ekanligini bilarmidingiz? Budilnikni qayta-qayta kechiktirish miyani chalg‘itadi. Natijada esa kun bo‘yi lanjlik, diqqat pasayishi, asabiylik kuzatiladi. Olimlar bir martada turib ketishni eng sog‘lom usul deb hisoblashadi.

Uyg‘onishdan keyin 2–3 daqiqa cho‘zilish, yengil mashq yoki shunchaki yurish qon aylanishini kuchaytiradi. Bu miyaga kislorod yetkazib, insonni tezroq tetiklashtiradi.

Nonushta — miya uchun yoqilg‘i! Faqat kofe ichish organizmni vaqtincha aldab turadi. Tetiklik uchun tuxum, yong‘oq, sut mahsulotlari, mevalar, oqsil va foydali uglevodlar kerak. Shunda energiya uzoq saqlanadi.

Ideal uxlash vaqti — har kimda har xil. Ba’zi insonlar “boyo‘g‘li”, ba’zilar esa “to‘rg‘ay” tipiga kiradi. Ya’ni, kimdir kechasi faol bo‘lsa, boshqasi ertalab serg‘ayrat bo‘ladi. Muhimi, organizmni majburlash emas, balki doimiy rejimga o‘rgatishdir.

Uyquda nafas qisqa muddatga to‘xtab qoladi. Inson o‘zi sezmaydi, ammo miya kislorod yetishmasligidan azob chekadi. Belgilari: qattiq xurrak, og‘iz qurib uyg‘onish, kunduzi uyquchanlik.

Temir yetishmasa organizmga kislorod kam boradi. Natijada esa inson doim charchoq his qiladi. D vitamini va B12 tanqisligida kuchsizlik, xotira pasayishi, uyqu buzilishi kuzatiladi. Qalqonsimon bez muammolarida inson 10 soat uxlab ham dam ololmaydi.

Eng kuchli sir — bir xil vaqtda uyg‘onish. Hatto dam olish kuni ham. Chunki miya rejimni yaxshi ko‘radi. Agar har kuni bir vaqtda uxlab, bir vaqtda tursangiz, organizm o‘zi budilniksiz ham uyg‘ona boshlaydi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, insonning ertalabki kayfiyati butun kun samaradorligining deyarli yarmini belgilab beradi. Ya’ni, ertalab qanday uyg‘onsangiz, kuningiz ham shunga yaqin o‘tadi.

Shuning uchun tetik uyg‘onish — shunchaki odat emas, balki salomatlik, energiya va muvaffaqiyatning asosiy kalitlaridan biri hisoblanadi.

Ko‘pchilik “qancha ko‘p uxlasam, shuncha yaxshi” deb o‘ylaydi. Ammo ortiqcha uyqu ham organizmni karaxtlashtiradi. 9–10 soatdan ortiq uxlaydigan insonlarda depressiya xavfi, qon aylanish muammolari, bosh og‘rig‘i, surunkali charchoq ko‘proq uchrashi aniqlangan. Chunki organizmning biologik soati izdan chiqadi.

Amerika va Yevropa olimlari ishtirokida o‘tkazilgan katta kuzatuvlarda qiziq tendensiya aniqlangan. Ya’ni, erta uyg‘onishga odatlangan insonlarda intizom kuchliroq, qaror qabul qilish tezroq, stressga chidam yuqoriroq bo‘ladi. Tadqiqotlarda erta turadigan odamlar kech uyg‘onadiganlarga nisbatan o‘rtacha ko‘proq daromad topishi ham qayd etilgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring