Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayol it infeksiyasi sabab oyoq-qo‘lidan judo bo‘ldi

Ayol it infeksiyasi sabab oyoq-qo‘lidan judo bo‘ldi

Skrinshot

AQShning Ogayo shtatida yashovchi Meri Treyner it so‘lagi orqali yuqqan og‘ir infeksiya tufayli ikkala oyoq-qo‘lidan ham judo bo‘ldi. Bu haqda «Fox 8» telekanali xabar tarqatgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Karib orollarida ta’tilda bo‘lib qaytgan ayol birdan o‘zini yomon his qila boshlagan. Uning ko‘ngli aynib, belida kuchli og‘riq turgan. Lekin u buni oddiy gripp alomatlari deb o‘ylab, e’tibor bermagan.

Keyinroq Treynerning ahvoli battar yomonlashgan va uni zudlik bilan shifoxonaga olib borishgan.

Intensiv terapiyaga qaramay ayolda sepsis rivojlangan. Treyner sun’iy komaga tushirib qo‘yilgan, biroq endi unda gangrena paydo bo‘lgan. Shifokorlar bemorning hayotini saqlab qolish hamda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida oyoq-qo‘llarini kesib tashlashga majbur bo‘lishgan.

Nihoyat, ayolning tahlil natijalarida Capnocytophaga bakteriyasi borligi aniqlangan. U odatda it va mushuklar so‘lagida uchraydi. Kasallik hayvonlar tishlashi yoki so‘lagi orqali yuqadi. Biroq bu dardning yuqishi juda kam kuzatiladi — taxminan har milliontaga bitta holat to‘g‘ri keladi.

Shifokorlarning aytishicha, Treyner infeksiyani o‘zining itlaridan yuqtirgan bo‘lishi mumkin.

Ajablanarlisi, noxush hodisaga qaramay, ayol uy hayvonlarini avvalgidek yaxshi ko‘rishini tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili shunga o‘xshagan hodisa 48 yoshli amerikalik kishida ham sodir bo‘lgan. Butun umrini itlarga bag‘ishlagan erkak Capnocytophaga bakteriyasini yuqtirib oladi va oxir-oqibat oyoq-qo‘llaridan ayriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring