Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onada «samosud»: odamlar o‘g‘rilarni daraxtga osib, rosa do‘pposlagan

Farg‘onada «samosud»: odamlar o‘g‘rilarni daraxtga osib, rosa do‘pposlagan

2019-yil 1-oktyabr kuni soat 06-30 larda Ahmadjon N. (1991-y.t.) tanishi Avaz X. (1968-y.t.) bilan uchrashib, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirishgan.

Ular bir guruh bo‘lib, fuqaro Alijon T.ga tegishli xonadonga yuzlariga niqob, maxsus temir seyflarni ochishga mo‘ljallangan va qo‘lbola usulda tayyorlangan temir moslama bilan qurollanib, yashirin ravishda kirishgan. So‘ng uydagi temir seyf eshigini ochib, 12 500 000 so‘m pullarni olib, yostiq jildga solib, devor oshib qochib ketishgan.

Bu vaqtda uyda bo‘lgan Alijon T.ning turmush o‘rtog‘i Odina T. ularni ko‘rib qolgan va baland ovozda baqirib, qo‘shnilaridan yordam so‘ragan. Qo‘shnilar uyga kirishgan va o‘g‘irlik sodir etilganini bilib, o‘g‘rilar ortidan quvlagan. Qo‘shnilar quvib yetib, Oltiqush qishlog‘ida joylashgan “Sultonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi yer maydoni hududida ushlab olishgan va xonadon egasi “Mastona” bozorida ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanib turgan Alijon T.ga bu haqda xabar berishgan.

Alijon T. yashash xonadonida o‘g‘irlik sodir etilgani va o‘g‘rilar qo‘lga tushganini bilib, tezda qarindoshi bilan voqea joyiga yetib borgan. Qarindoshi Avaz X.ning yuziga urib, o‘zlari bilan olib kelgan arqon yordamida o‘sha joydagi terak daraxtiga bo‘ynidan bog‘lab qo‘ygan.

Ahmadjon N.ni esa o‘sha yerga to‘plangan fuqarolar urib, telefonga videotasvirga olishgan. Mazkur videotasvirlar “Telegram” kanallari orqali tarqatib yuborilgan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida Ahmadjon N. va Avaz X. yashirin ravishda o‘g‘irlagan 12 500 000 so‘m pullar, mazkur pul solingan 1 dona yostiq jildi, 1 dona niqob, temir seyfni ochishda foydalanilgan 1 dona qo‘lbola temir moslama ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Mazkur holat yuzasidan 1-oktyabr kuni Dang‘ara tumani IIB TB tomonidan JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X. olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Ular o‘z ko‘rsatmalarida Alijon T.ning xonadonida sodir etgan o‘g‘irlik holatiga to‘liq iqror bo‘lishgan va sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, ularga tan jarohati yetkazgan shaxslarga nisbatan hech qanday da’volari yo‘qligini, bu holat o‘zlarining ayblari bilan sodir bo‘lganini bildirishgan.

Gumonlanuvchi Avaz X. muqaddam 2 marotaba sudlanganini hisobga olgan holda 4-oktyabr kuni protsessual tartibida ushlangan va ertasiga unga JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X.ga tan jarohati yetkazgan shaxslarni aniqlash va ularning harakatlariga qonuniy baho berish choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring