Qimorboz o‘z uyini o‘marib, unga o‘t qo‘ydi
Onlayn o‘yinda salkam 100 million so‘m miqdorda pul yutqazgan fuqaro o‘z yashash xonadonidagi seyfdan pullarni o‘g‘irlab, jinoyati izini yashirish maqsadida seyfni yoqib yubordi.
Sudlanuvchiga nisbatan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi raisi Bobur Umarov ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan 20 yoshli X.G. o‘z qo‘l telefonidagi «1xBet» ilovasi orqali totalizator o‘yinlarida ishtirok etib kelgan. U berilib ketish oqibatida o‘yinda bir necha bor ishtirok etgan va jami salkam 100 million so‘mga yaqin pulni tikkan va o‘yinda boy bergan.
«Totalizator o‘yinlarning qimordan farqi yo‘q ekan. Avvaliga o‘yinlarda kichik miqdordagi summalarga boy bersam ham keyingi tur onlayn o‘yinlarda qatnashaverdim. Bu o‘yin meni xuddi ohanrabodek o‘ziga jalb qilgandi. «Ana yutaman, mana yutaman», deb afsuski, boshi berk ko‘chaga kirib qolganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Turli o‘yinlarda boy berib, jami qariyb 100 million so‘m pulga «chuv» tushdim. Bu pulni qayerdan va qanday topishni bilmadim. Oxiri, ishkal ishga qo‘l urdim», — degan tergov davomida X.G.
Voqea rivojiga ko‘ra, X.G. yirik miqdorda pulga «tushgach», ota-onasining mehmonga ketganidan foydalanib, o‘z yashash xonadonida jinoyat sodir etgan. U ota-onasining xonasida yog‘och pol ostida bo‘lgan temir seyfni joyidan chiqarib olgan va seyfni gilam ustiga qo‘yib, eshigini buzib, undan 100 million so‘mga yaqin pullarni o‘g‘irlab olgan. So‘ngra o‘z jinoyatini yashirish maqsadida seyf ichida bo‘lgan qolgan pullarni, shuningdek, xonadon va oila a’zolariga tegishli o‘nga yaqin hujjatlarni yoqib yuborgan. Yotoqxonani tartibsiz holatga keltirib, uyni o‘g‘ri «urgani» tasvirini «yaratgan». Birozdan so‘ng yong‘in avj olmay turib, olovni o‘zi o‘chirgan va go‘yo uyga kelib qolganu, shunday holat ustidan chiqqandek bo‘lib ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilgan.
X.G. uyni o‘g‘ri «urgani» yuzasidan ota-onasiga bildirgach, ular zudlik bilan uylariga yetib kelishgan va vaqtni boy bermay, tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilishgan.
Ko‘p o‘tmay, IIB xodimlari kelib, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishgan. Seyfning ichida 15 millionga yaqin pullarning hamda ko‘plab hujjatlarning kuyib qoraygani va yaroqsiz holga kelgani aniqlangan. Tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan. Ayni shu jarayonda kuchli stress va hayajonda qolgan X.G. aybini tan olgan va qilgan xatti-harakatiga iqror bo‘lgan.
Qilmishidan pushaymonligini, oilaviy ahvolini inobatga olib, unga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘rab, ko‘rsatma bergan.
Otasi F.G. va onasi N.G.lar o‘g‘liga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirgan.
Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi X.G.ni oila a’zolarining muhim shaxsiy hujjatlariga zarar yetkazganlikda ifodalangan jinoiy harakati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining «a» bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb hisoblagan.
Uning harakatlarida Jinoyat kodeksining 56-moddasida (Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganida jazo tayinlash) nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas, deb topilgan. Va 55-moddaga (Jazoni yengillashtiruvchi holatlar) asosan, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deya baholangan.
Sudlanuvchining barcha hatti-harakatlari o‘rganilib, unga nisbatan 227-moddaga asosan, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter