Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda xot-dogdan zaharlanganlar soni 26 nafarga yetdi

Samarqandda xot-dogdan zaharlanganlar soni 26 nafarga yetdi

Joriy yil 7-oktyabr kuni soat 14:10 dan 8 oktyabr soat 24:00 ga qadar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 26 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar murojaat qilishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni damdagi holat yuzasidan axborot berdi. 

Ular «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surishtiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:

Shifoxonaga murojaat qilgan fuqarolar joriy yilning 6 oktyabr kuni soat 13.00 va 17.30 oralig‘ida Samarqand shahridagi Siyob dehqon bozori hududida joylashgan «Baxtiyor» MChJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini iste’mol qilishgan. Mazkur shoxobcha o‘rganilganda, shoxobcha o‘z faoliyatini to‘xtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlandi.

– Mutaxassislarimiz tomonidan mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini harid qilib, iste’mol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida tibbiyot xodimlarini jalb etgan holda, uyma-uy ko‘riklar tashkil etildi, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – «Baxtiyor» MChJda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga tegishli hujjatlar to‘planib, buyurtma tayyorlandi.

Bemorlarning ahvoli, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Avvalroq, 24 kishi ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining  ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani  aytilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring