Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelida ommaviy mushtlashuv. Besh kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Sergelida ommaviy mushtlashuv. Besh kishiga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Foto: Videolavhadan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanining Choshtepa mavzesida ommaviy mushtlashuv yuz berganiga oid lavha tarqaldi. Unga ko‘ra, shu yerda ko‘p qavatli uylar qurayotgan firma ishchilari o‘rtasida kelib chiqqan nizo «musht ketdi»ga aylanib ketgan.

Ayni xabarni tasdiqlagan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov tarmoqda tarqalgan xabarlarga bir qadar oydinlik kiritdi. Uning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, voqelik shu yilning 16 iyul kuni Sergeli tumani Yangi Choshtepa mahallasining O‘zar ko‘chasida kech soat 19.20 chamasida yuz bergan. Janjal «OOO Silver Tulip»ning (ko‘p qavatli uylar qurayotgan korxona) ikki nafar bo‘yoqchisi o‘rtasida ish quroli («shpatel») talashishidan kelib chiqqan. Ular o‘rtasidagi «dahanaki jang» (uyatsiz so‘zlar, haqoratlar) yoqalashish darajaga borgach, janjalga boshqa ishchilar ham aralashib ketadi. Jarayon shu hududdagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi  H. M. (1992-yilda tug‘ilgan) tomonidan uyali telefonga yozib olinib, internet tarmog‘iga chiqarib yuborilgani aniqlandi.

Voqea joyiga ichki ishlar xodimlari yetib kelib, janjalning asosiy sababchilari va  ishtirokchilari qo‘lga olingan. Va ularga (jami besh nafar) nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid hujjat rasmiylashtirilib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Sergeli tuman ma’muriy sudining qarori (17-iyul) bilan «OOO Silver Tulip»ning besh nafar ishchisiga (bezorilik xatti-harakatlari sodir etgani uchun) nisbatan har biriga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bosh prokuratura mas’uli quruvchi tashkilot — «OOO Silver Tulip» Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayevga tegishli-tegishli emasligi masalasida ma’lumoti yo‘qligini ta’kidladi.  Aytdiki, qurilish tashkiloti 12 ta brigadadan iborat bo‘lib, 439 nafar ishchi va 33 nafar qorovul ishlaydi. Ular bilan korxona rahbari ishtirokida tezkor-profilaktik suhbat o‘tkazilib, barchasi («o‘pkangni bosib yurlaring!» mazmunida — tahr.) rasman ogohlantirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring