Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli shoirning farzandini mashina urib ketdi. Bemor hamon operatsiya qilinmagan

Taniqli shoirning farzandini mashina urib ketdi. Bemor hamon operatsiya qilinmagan

Foto: Muhammad Ismoil

Taniqli shoir va yozuvchi Muhammad Ismoil 25 yoshli o‘g‘lini shu yilning 8-iyun kuni Ohangaron tumanida mashina urib ketganini ma’lum qildi.

«Facebook»dagi sahifasida yozishicha, farzandini yuqori tezlikda kelayotgan mashina piyodalar o‘tish yo‘lagida urib ketgan.

«Mana bugun beshinchi kun. O‘g‘lim reanimatsiyada. Nima qilishni bilmay boshim qotib qoldi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmayman», — deb yozadi Muhammad Ismoil.

«... hammasi ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Besh-olti kishi odamlar yo‘lagi uchun chizilgan chiziq ustida ketayotgan edik. Bir mashina 300-400 metr naridan uchib kela boshladi. Men “to‘xta, to‘xta” ishorasini qilib, qo‘l ko‘tarib, hay-hayladim. Mashina tormozni ham bosmay, besh kishining ustiga o‘zini soldi. Hamma har yoqqa otildi, mashina kelib o‘g‘limni urdi, o‘g‘lim uch metr nariga uchib tushdi. Hammasi ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Voy-dod deb o‘g‘limning ustiga o‘zimni tashladim. O‘g‘limni ko‘taray desam, ikki oyog‘i osilib yotibdi. Ikki oyog‘ining suyaklari sinib ketibdi», – davom etadi u.

Foto: Muhammad Ismoil / Facebook

Ota o‘g‘lini 5 kundan beri Ohangaron shifoxonasidan Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib kelishga ojiz qolayotganini aytadi.

«Men yer-u ko‘kka sig‘mayapman, o‘g‘limga yordam beringlar, odamlar. Iltimos, o‘lib qolmasin bolam, duo qilinglar. Beozor, umrida biror bir insonga qattiq gapirmagan, birovga ozor bermagan bolam. Hatto, uni urib yuborgan haydovchiga ham, bor yo‘g‘i,  «Voy-bo‘  muncha...» dedi. Farishta ham bunchalik beozor bo‘lmasa kerak.

Iltimos odamlar, maslahat beringlar, nima qilay? Boshim qotib qoldi. Nima qilsam, o‘g‘lim tezroq shifo topadi. Tezroq sog‘ayadi? Iltimos, yordam beringlar!», — deya zorlanadi yozuvchi.

Muhammad Ismoilning aytishicha, shifokorlar bemorga yetarlicha qarashmagan. Farzandiga bosh miyaning yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng son suyagining o‘rta uchligining yopiq siljib sinishi, chap boldir suyagining o‘rta uchligidan sinib siljishi kabi bir qator tashxislar qo‘ygan.

Shunday og‘ir ahvolda 5 kundan beri Ohangarondagi shifokorlar «o‘zimiz davolaymiz» deb olib o‘tirishibdi, ammo hali ham operatsiya qilinmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring