Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«U quturgan va qo‘lidagi pichog‘i bilan «o‘ldiraman» deb baqirardi» — Buxorodagi mudhish voqea tafsilotlari

«U quturgan va qo‘lidagi pichog‘i bilan «o‘ldiraman» deb baqirardi» — Buxorodagi mudhish voqea tafsilotlari

Buxoroda ikki kishi pichoqlandi: o‘g‘il vafot etdi, ona og‘ir ahvolda

Ijtimoiy tarmoqlarda «Kogonda bir erkak ikki kishini pichoqlab tashladi» sarlavhasi ostida videolar tarqaldi. Video manbaasida keltirilishicha, qotillik Buxoro viloyati Kogon shahridagi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli idora oldida sodir bo‘lgan.

«Xabar.uz» muxbirining o‘rganishicha, voqea joyi Kogon tumanidagi Mahtumquli mahalla fuqarolar yig‘ini. Kogon shahridagi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli idoralardan birida (Vagon DPO) sodir bo‘lgan. Jinoyat sodir etgan 53 yoshli erkak N.N. Kogon shahrining Navzirabod mahallasida yashab kelgan. Fakel mahallasida yashovchi 29 yoshli yigit R.N. hamda uning 61 yoshli onasi A.Sh. bilan N.N.ning o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lgan.

 «8 oycha ilgari R.N. fuqaro  N.N. tanishtirgan qizga uylangan. To‘y dabdabali o‘tgan. Afsuski, to‘yning ertasiga qiz iffatsiz chiqqan va qiz ota uyiga qaytarib yuborilgan. Otasiz ulg‘aygan, mehnatkash yigit bo‘lgan R.N. to‘yda «o‘rtakash» bo‘lgan N.N.ni ayblagan. Ona-bola undan to‘y xarajatlarini qoplashini talab qilib kelishgan. R.N. juda ko‘p bor N.N.ga boshqa uylanishi va uyam baxtli bo‘lishi kerakligini aytgan. Biroq, gaplari zoye ketgan. Oradan vaqt o‘tishiga qaramay, to‘y xarajatlari qoplanmagan. Shundan so‘ng kuni kecha, ya’ni 13 oktyabr soat 13:10 lar atrofida R.N. onasi A.Sh. bilan Kogon shahridagi vagon DPO oldida ko‘rishishgan. Va shunday dahshatli yakun topgan», — deydi o‘zini tanishtirishni istamagan suhbatdoshlardan biri.

Bildirilishicha, uch nafar fuqaro o‘zaro tortishishgan, janjallashishgan. Og‘zaki janjal mushtlashuvga aylangan. Jahllangan N.N. baqirib-chaqirib, o‘zi bilan yonida olib chiqqan oshxona pichog‘i bilan fuqaro A.Sh.ni zarb bilan tepgan va pichoqlagan. Fursat o‘tmay, uni haqoratlagan R.N.ning ham ortidan quvib, o‘ldirib, bo‘g‘izlab tashlashini aytgan. Videoga ko‘ra, jonholatda qochib ketayotgan R.N. ko‘chadagi o‘rindiqlardan biriga depsinib ketib yiqilgan va yana o‘rnidan turib, yana qochishga uringan. Biroq, ko‘zi qonga to‘lgan N.N. fuqaro R.N.ning badanining duch kelgan joyiga bir necha marotaba zarb bilan pichoq sanchgan.

«U quturgan va unga qarshilik qilmoqchi bo‘lgan odamni qo‘lidagi pichog‘i bilan «o‘ldiraman» deb qo‘rqitardi. Dahshatli voqea shu qadar tez daqiqalar ichida sodir bo‘ldiki, odamlar ichki ishlar xodimlariga o‘z vaqtida xabar bera olishmadi. Tezkor guruh yetib kelganda, qochib ketayotgan jinoyatchini oldidan mahalladagi yigitlardan biri to‘sib chiqdi. Qotil unga ham o‘ldirish bilan tahdid qildi. Yigit qayerdan kuch topdi, bilmadim, yerda yotgan tayoq bilan uning orqasiga urib, yiqitdi», — dedi voqeaga guvoh bo‘lgan keyingi suhbatdosh.

Ma’lum bo‘lishicha, og‘ir tan jarohati olgan R.N. kasalxonada jon bergan. Onasi A.Sh. esa hushdan ketgan va kasalxonaga yotqizilgan. Suhbatdoshlarining aytishicha, A.Sh. hali o‘g‘lining vafotidan xabarsiz.

Buxoro viloyati Prokuraturasi axborot  xizmatining bildirishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qotillik) 2-qismi «a» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi hibsga olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring