Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura OAV bilan boshqacha ishlashga o‘tdi

Bosh prokuratura OAV bilan boshqacha ishlashga o‘tdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 30-iyul kuni Bosh prokuraturada joriy yilning o‘tgan olti oy mobaynida tizimda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Mazkur tadbir sabrsizlik bilan kutilayotgandi, rosti. Negaki, keyingi ikki oy nari-berisida Bosh prokuror almashishi ortidan tizimning muhim bo‘g‘inlarida kadrlar yangilanayotgan, qisqasi, kutilgan va kutilmagan voqeliklar ommaviy axborot vositalari xodimlarida o‘tkazilajak jonli muloqotga nisbatan qiziqishni chandon oshirib bo‘lgandi. Shuningdek, kadrlar bilan bog‘liq o‘zgarishlar silsilasida Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ham yangi rahbar tayinlanib, shundan keyin mahkamadan axborot olish imkoniyati pasayibroq ketayotgani jurnalistlarda yetarlicha savollar tug‘dira boshlagan edi.

Qayd etish kerak, tadbir anchayin ixcham tarzda, Bosh prokuraturaning asosiy binosida o‘tdi. Unda radio va televideniyedagi hamkasblarni uchratmadik. O‘n-o‘n besh nafar jurnalistlarning hammasi bosma va internet nashrlari xodimlari. Markaziy mahkama ostonasida ichkariga qo‘l telefoni (ayni paytda jurnalistning ish quroli!) bilan kirish borasida muammo tug‘ilib, tadbir boshlanguncha ijobiy hal etilgani aytilmasa, hammasi binoiydek kechdi.

Tadbirda mahkama rahbariyatidan hech kim ishtirok etmadi, hammasini Hayot Shamsutdinov boshchiligidagi matbuot xizmati xodimlarining o‘zlari eplashdi. Mahkama matbuot xizmatining yangi rahbari avvaliga OAV xodimlari bilan birma-bir qo‘l berib ko‘rishib chiqdi. So‘ng davra to‘ridan emas, jurnalistlarning shundoq qarshisidan joy olib, andak hayajon bilan matbuot anjumanini ochdi...

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning dastlabki olti oyi kesimida prokuratura organlari faoliyatiga oid ma’lumotlarni kulchadekkina xabarga sig‘dirib bo‘lmaydi, albatta. Bu borada yaqin soatlarda alohida chiqishlar qilinadi, nasib.

Tadbirning asosiy nuqtasi shunda bo‘ldiki, Bosh prokuratura matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari bilan buyog‘iga boshqacha ishlashga o‘tmoqda. Buning uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish imkoniyatlari topibdiki, buni chinakam yangilik deyish mumkin.

Xo‘sh, «boshqacha ishlash» qanday shaklda amalga oshiriladi?

Bosh prokuratura matbuot xizmati oav.prokuratura.uz platformasini ishlab chiqib, bugundan amaliyotga joriy qildi. Unda har bir ommaviy axborot vositasining shaxsiy kabineti bo‘lib, unga jurnalistlar o‘z so‘rovlarini oson yuborishlari mumkin. So‘rovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli manzilga tushib, uni na o‘chirish, na javob bermaslik mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

Javoblar ham nashrning o‘ziga, qonunda belgilangan vaqtda yuboriladi. Platformaning yana bir yaxshi imkoniyatiki, so‘rovlarga video yoki audio fayllarni ilova qilishda ham muammo yo‘q. Eng muhimi, ayni jarayonda axborot xavfsizligi ta’minlanadi. Yaqin kelajakda platrofmaning mobil versiyasi ham ishga tushirilsa, axborot olish imkoniyati yanayam osonlashadi...

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, yaqin kunlarda yangi platforma Telegram messendjeri bilan integratsiya qilinadi. Natijada so‘rovga javob qaytarilgan zahoti jurnalistlar telegram orqali avtomatik xabarnoma olishlari mumkin bo‘ladi.

Platformaning taqdimoti o‘z-o‘zidan keyingi paytlarda Bosh prokuraturadan axborot olish imkoniyati nega kichrayib ketyapti, mazmunidagi savollarga hojat qoldirmadi. Bildikki, keyingi bir oy davomida mutasaddilar axborot-ma’lumot berishning oson, qulay va samarali yo‘li ustida yaxshigina riyozat chekishibdi.

Gap yo‘q. Boshqa davlat organlari matbuot xizmatlari namuna olsa bo‘larkan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring