Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun sudyalar boshqacha ko‘rinishda bo‘ldi. Yoki Oliy sud Plenumi qarori hazilakam hujjat emas (foto)

Bugun sudyalar boshqacha ko‘rinishda bo‘ldi. Yoki Oliy sud Plenumi qarori hazilakam hujjat emas (foto)

Foto: «Xabar.uz» / Farrux Aliyev

Bugun, 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Bu galgi Plenum majlisining ommaviy axborot vositalari (OAV) uchun ayricha ahamiyati bor. Zero, unda boshqa masalalar qatori «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi.

Bu anchadan buyon pishib-yetilib kelayotgan masala edi. Negaki, sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida ob’yektiv axborot berish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Zero, jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishida odil sudlov muhim o‘rin tutadi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu boradagi vazifalarni OAVsiz amalga oshirish qiyin.

Shu bois keyingi yillarda sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayni jarayon izchilik bilan davom ettirilayotganiga keng jamoatchilik guvoh. Ayniqsa, Oliy sud tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun turli tadbirlar uyushtirilayotgani alohida e’tiborga molik. Turli seminarlar, press-turlardan tashqari, har oyda bir marta sohaga ixtisoslashayotgan jurnalistlar uchun oliy mahkamada o‘quv-mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan. Bunday amaliy harakatlar natijasida huquqiy jurnalistika tobora shakllanib kelmoqda.

Plenum qarori loyihasining ommaviy axborot vositalari uchun ahamiyatli jihati shundaki, unda soha vakillarining sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash masalalari tartibga solingan qonun hujjatlari bo‘yicha muhim tushuntirishlar berilgan. Qaror loyihasini ishlab chiqishda OAV vakillari faol jalb etilishi, uning bugungi muhokamasida sud xodimlaridan ko‘ra jurnalistlarga ko‘proq so‘z berilib, bildirilgan fikr-mulohazalarga alohida e’tibor qaratilgani e’tirofga loyiq holatdir. Bu bir tomondan, tizim o‘z faoliyatida ochiqlik va oshkorlikka jiddiy e’tibor qarayotganiga yana bir bor dalolat qilsa, ikkinchi tomondan, mazkur qaror sud tizimi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat va samarali hamkorlikning sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga huquqiy zamin yaratadi. Sirasini aytganda, sudlar faoliyatiga doir axborot huquqini ta’minlash Oliy sud Plenumi qarori darajasida ko‘rilayotganining o‘zi hazilakam gap emas. Negaki, Plenum qarorining quvvati qonun bilan barobar. Chunki, unda (Plenumda) sud amaliyotini umumlashtirish materiallari ko‘rilib, qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. Qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari esa sudlar hamda (ushbu tushuntirishlar berilgan qonun hujjatlarini qo‘llayotgan) boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Shunday ekan, qaror loyihasi iloji boricha pishiq-puxta, turli tushunmovchilik va ishtibohlarga o‘rin qoldirmaydigan darajada bo‘lishi talab etiladi. Shu ma’noda bugungi muhokama bahs-munozara, tahlil va mulohazalarga boy tarzda o‘tishi tabiiy edi. Shunday bo‘ldi ham.

Pirovardida, qaror loyihasi asos uchun qabul qilinib, bildirilgan taklif-mulohazalar asosida ishchi guruhi tomonidan yana bir bor ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Yana bir gap. Bugungi Plenum majlisida tarixiy holat kuzatildi: unda sudyalar ilk marta sudyalik mantiyasi (libosi) bilan ishtirok etdi. Rosti, mantiya sudyalarga alohida salobat baxsh etibdi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring