Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda inspektorga «kalla qo‘ygan» shaxs qamaldi

Buxoroda inspektorga «kalla qo‘ygan» shaxs qamaldi

Foto: «Xabar.uz»

Ichki ishlar profilaktik inspektoriga faol qarshilik qilib, unga jismoniy kuch ishlatgan qorako‘llik shaxs sud hukmi bilan bir yilga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari  bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Jalol Sadirov ma’lum qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Qorako‘l tumanining «Mirzaqal’a»  mahallasida yashovchi 33 yoshli Otamurod Do‘mmiyev yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. 2013 yilda qo‘shni mahalladan uylangan.  Ular uch nafar farzand ko‘rishgach, o‘zaro kelishmovchilik sababli 2022 yilda ajralishgan. Farzandlari uchun aliment to‘lab kelayotgan Otamurod shaxsiy kelishmovchilik sababli sobiq ayoli va uning onasi bilan o‘zaro janjallashgan. Va u huquqbuzarlik sodir etgan. Holat yuzasidan profilaktika inspektori tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan.  Otamurod Do‘mmiyevning hatti-harakatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sud hukmiga ko‘ra, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi qo‘llanilib, yetti sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Sud hukmi o‘qib eshittirilgach, aybdor hukmdan norozi bo‘lib, sud zalida baqir-chaqir qilgan. Jahl qilib, tartibsizlik sodir etayotgan shaxsdan mas’ullar tinchlanishni so‘rashgan. Biroq, u o‘z xatti-harakatida davom etgan. Ayni shu jarayonda uning qo‘liga kishan solmoqchi bo‘lgan Qorako‘l tuman IIB profilaktik inspektori Sherali Norqulovga nisbatan kuch ishlatgan.  Inspektorning yuz sohasiga boshi bilan bir marotaba zarb bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Bu holat Otamurod Do‘mmiyevga nisbatan qo‘llaniladigan jazo chorasining kuchaytirilishiga sabab bo‘lgan.

«Ma’muriy jazo olgan fuqaroga keyingi sud hukmi bilan jinoiy jazo qo‘llanildi.  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 219-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanildi.  Aybdor sud zalidan qamoqqa olindi va u jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilandi», deydi sud raisi Jalol Sadirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring