Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Instabloger ozod qilindi

Instabloger ozod qilindi

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan instabloger S. S. jazoni to‘liq o‘tagan deb hisoblanib, Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasidan ozod qilindi.

Xabar qilinganidek, 2022-yil 11-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining qarori bilan ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid ravishda tasvirga olingan videosi va suratlarni tarqatgan S. S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.

Qayd etilishicha, 15-noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida S. S. ga oid ish yuzasidan chiqarilgan sud qaroriga huquqbuzar tomonidan berilgan apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqilgan.

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan S. S. apellyasiya shikoyatida, hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymonligi bildirib, sud qarori bilan tayinlangan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Apellyasiya instansiyasi sudi shikoyatda keltirilgan vajlarni o‘rganib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan S. S. ga nisbatan jazo tayinlashda, shaxsini, yoshini, ayolligini, bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, birinchi instansiya sudi qarori bilan tayinlangan ma’muriy qamoq jazosini kam muddatdagi ma’muriy qamoq jazosiga keltirishni lozim deb topdi.

Toshkent shahar sudining ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining S. S. ga oid qarori o‘zgartirilib, huquqbuzarga nisbatan insonparvarlik tamoyili qo‘llanilgan holda tayinlangan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi 4 sutka ma’muriy qamoq jazosiga keltirildi.

Natijada ma’muriy javobgarlikka tortilgan S. S. jazoni to‘liq o‘tagan deb hisoblanib, Toshkent shahar IIBB Maxsus qabulxonasidan ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova «Xabar.uz»ga ushbu qiz sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tab chiqqach, kasb-hunarga o‘qitilib, doimiy ishga joylashtirilishini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring