Maqsad shu: hamma «zako‘nchi» bo‘lishi shart!
Hamma zamondayam «zako‘nchi»dan hayiqilgan. Ayniqsa, mansabdorlar! Chunki, «zako‘n»chi shunchaki odam emas: qonunni, demakki, huquqini biladi. Talabiyam shunga yarasha. Bunday toifadagi odamlar huquqi ko‘ndalang bo‘lgan paytda andishaning yuziga qaramaydi. Shundanmi «zako‘nchi»larga nisbatan o‘zgacharoq qarashlar shakllanib qolgan bizda...
Bugungi davr hammadan «zako‘nchi» bo‘lishni taqazo etmoqda. Busiz iloj yo‘q, aks holda, nomingga ham, noningga ham o‘zgalar ega chiqishi mumkin. Qolaversa, fuqarolik jamiyatining talabi ham shu: huquqingni bil, majburiyatingni unutma!
Fuqaroviy-huquqiy yoki iqtisodiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar hal etiladigan manzil bitta - sud! Sudga murojaat etishning o‘ziga xos tartib-qoidalari bor. Taassufki, buni hammayam bilavermaydi. Bu esa fuqarolarga ayni shu masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish berish ehtiyoji katta ekanini ko‘rsatadi.
Ayni shu ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi «Sudga murojaat qilish va sud hujjatlari ustidan shikoyat berish tartibi» nomli qo‘llanma tayyorladi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlangan mazkur qo‘llanmada fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha, iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga ariza yoki da’vo arizasi bilan murojaat qilish hamda sud hujjatlari (qaror, hukm, ajrim va. h. k) ustidan shikoyat qilish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirish berilgan.
Shuningdek, sudlarga murojaat qilishda muhim bo‘lgan jihatlar, ya’ni - davlat boji to‘lash tartibi va miqdori, taqdim etilishi lozim xujjatlar hamda boshqa shu kabi boshqa zarur ma’lumotlar tushunarli uslubda bayon qilingan. Huquqiy tushuntirishlar sodda ko‘rinishdagi jadvallar, sxemalar va infografikalar orqali yoritilgan.
Eng asosiysi, qo‘llanma sudlarga murojaat qiluvchi oddiy fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari, yuridik shaxslar vakillarining moneliksiz sudga murojaat qilishini ta’minlashga qaratilganidadir.
Ushbu qo‘llanma xalq qabulxonalari va mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali aholiga bepul tarqatiladi. Qo‘llanmaning elektron varianti Oliy sudning fib.oliy@sud.uz saytiga joylashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter