Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Muvad-video» rahbariga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi

«Muvad-video» rahbariga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi

Foto: «Xabar.uz»

«Muvad-video» studiyasi rahbari Abdushukur Islomovga nisbatan chiqarilgan hukm kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan bekor qilindi. Jinoyat ishi endi Toshkent shahar sudida yana boshqatdan ko‘rib chiqiladi. «Yana» deyilayotganining sababiki, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm birinchi marta bekor bo‘layotgani yo‘q.

Gulnora Karimova «komandasi» bilan «yo‘llari kesishgani» sabab 2013-yilda bor-burdi musodara qilingan holda 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Abdushukur Islomov va uning ikki akasiga nisbatan chiqarilgan hukm 2016-yilning kuzida Oliy sud tomonidan bekor qilingandi. Qayta o‘tkazilgan sud jarayonida dastlabki tergovda qo‘yilgan «shoda-shoda» ayblovlar ancha yengillatilgan bo‘lsa-da, amalda hech nima o‘zgarmagandi. Ya’niki, «alixo‘ja-xo‘jaali...» O‘ta-o‘ta bahsli ayblovlar bilan javobgarlikka tortilib, tom ma’noda ko‘chada qoldirilgan Islomovlarning keyingi ikki yilda bosh urmagan dargohi qolmadi, hisob.

Nihoyat, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati «Islomovlar ishi»ni jiddiy ravishda taftish qilib, xulosaga keldi: chiqarilgan sud aktlarida kamchiliklar yetarli, bahsli holatlar ko‘p, ularga faqat sud tergovi yo‘li bilangina uzil-kesil aniqlik kiritish mumkin, baski, hukm bekor qilinib, «delo» jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yuborilsin.

Shunday qilib, aka-uka Islomovlarga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi ikkinchi marta bekor qilinmoqda.

Yangi tarkibdagi sudlov hay’ati mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qanday to‘xtamga keladi — bu endi yaqin kelajakdagi ish.

Eslatib o‘tamiz, Abdushukur Islomovning boshiga tushgan ko‘rguliklar haqida qator elektron nashrlarda, jumladan, «Xabar.uz»da ham «Senimi, shoshmay tur?!» sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola e’lon qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring