Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odil qozi va adolat tarozisi. Yoki sudya ma’naviyati haqida ikki og‘iz...

Odil qozi va adolat tarozisi. Yoki sudya ma’naviyati haqida ikki og‘iz...

Sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar, ularning ijobiy natijalari haqida ko‘p va xo‘b gapirish mumkin. Ayniqsa, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish borasidagi real huquqiy chora-tadbirlarni ayting. Sudyalarning ijtimoiy muhofazasini-ku, avvalgisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi hatto...

Qayd etilgan ikki omil o‘tkazilayotgan islohotlardan bir chimdim, xolos. Va aytish mumkinki, ular tizimdagi o‘zgarishlarning o‘zagi hisoblanadi. Zotan, sudyaning daxlsizligi amalda ta’minlanmay turib, sud hokimiyati mustaqilligi haqida gapirish qiyin. Uning ijtimoiy muhofazasisiz tizimda turli suiiste’molchiliklarning oldini olib bo‘lmaydi, buning uchun «bo‘sh qop tik turmaydi» maqolini eslash kifoya. Bunday ulkan va xayrli ishlar oson bo‘lmagan pandemiya sharoitida amalga oshirilgani esa davlat rahbarining siyosiy irodasidan yana bir karra dalolat qiladi.

Sudyalik inson taqdiri bilan bevosita bog‘liq vazifa, shunday ekan, ayni lavozim egalaridan qonunlarni mukammal bilish va ularni to‘g‘ri qo‘llash talab etilishi ayon. Biroq bu — talablar shundangina iborat degani emas. Davlatimiz rahbari «Ma’naviyat bo‘lmagan joyda hech qachon adolat bo‘lmaydi», deya bejiz ta’kid etgani yo‘q. Chunki, qaysi soha vakili bo‘lmasin (jumladan, sudya ham!), ma’naviyatga oshno bo‘lmay kamolotga erishishi qiyin. Shu ma’noda Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan chop etilgan «Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» kitobi o‘z vaqtida nashr etilgan risola, shu barobarida yurt rahbarining yuqoridagi da’vatiga «labbay» degan javob hamdir.

Ma’naviyat. Odob. Mas’uliyat. Bular bir-birini to‘ldiruvchi omillar bo‘lib, inson kamolotining, ta’bir joiz bo‘lsa, qon tomiri hisoblanadi. Shundan kelib chiqilsa, kitobning nomiyoq uning mazmun-mundarijasini ochib berganini ko‘rish mumkin: ma’naviyatli sudyaning odobi ham joyida bo‘lib, mas’uliyatni teran his etadi.

«Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» boshdan-oyoq quruq va’z-nasihatlardan iborat emas, mavzu mohiyatan bitta bo‘lsa-da, mundarija rang-barang. Mutolaa jarayonida buyuk Qodiriyning «Moziyga qaytib ish ko‘rmak xayrlikdur», degan hikmati takror-takror yodga tushadi. Chunki, unda sudyalikning tarixi-yu o‘tmishdagi qozilarning ibratli hayoti va faoliyati haqida ta’sirli hikoyatlar, rivoyatlar oz emas. Shuningdek, din-u diyonat, odob-u axloq xususidagi muqaddas manbalardan ham yetarlicha o‘rin berilgan. O‘qiysiz, o‘qiyverasiz, nogoh sahifalararo bir sado qulog‘ingiz ostida jaranglaganday bo‘ladi: birni ko‘rib — fikr qil, bir ko‘rib — shukr... Oxirgi jumlalar biroz shoirona bo‘lib ketdi, uzr. Buyam kitob mutolaasi ta’siri, aslida. Chunki, kitobni o‘qigach, shunday hissiyotlar chulg‘aydiki, avvalo, qismat shunday maqom (sudya) ravo ko‘rganiga shukr qilasan, o‘z navbatida bu maqomning mas’uliyati haqida chuqur o‘yga tushasan...

Tizimda «Sudyaning ichki ishonchi» degan gap bor. Bu shunchaki gap emas, balki huquqiy hujjatlarda ham o‘z aksini topgan. Buning qisqa sharhi shuki, sudya qaror qabul qilish jarayonida qonun normalari bilan bir qatorda o‘z ichki ishonchiga ham tayanadi. Ya’ni, yakuniy va qonuniy qaror qabul qilishda sudyaning ichki ishonch ham muhim faktor hisoblanadi. Ichki ishonchning aniq mezonlari yo‘q, u induvidal holat bo‘lib, har bir sudyaning quvvai hofizasiga bog‘liq.

«Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» kitobida sudyaning ichki ishonchiga doir o‘ta nozik va xasos mavzu e’tibordan chetda qolmagani alohida ta’kidga loyiq. O‘qiymiz: «...sudya badiiyat bilan oshno bo‘lishi kerak. Chunki, kitob jamiyat hayotidagi munosabatlarni chiroyli shakl va mazmun bilan oqqa ko‘chiradi. Sudya inson qalbini anglashi uchun bunday asarlar mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Sudya badiiyatni his qilsa, u taraflarning ruhiy kechinma(lar)ini tushunadi, u(lar)ning qalbiga nazar sola oladi. Qabul qilingan qarorning mohiyatini unga anglatadi... Unutmaslik kerakki, o‘qishdan to‘xtagan kishi fikrlashdan to‘xtaydi». Ayon bo‘lmoqdaki, sudya ichki ishonchining quvvati uning ma’naviyatiga bog‘liq ekan! Darhaqiqat, shunday: zotan, «adolat» bilan «ma’naviyat» tushunchasi hamisha yonma-yon turadi, adolatni qaror toptirishga mas’ul sudyaning ma’naviyati muhim ahamiyat kasb etishi o‘z-o‘zidan ma’lum.

Kitobda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlar haqida so‘z borishi tabiiy. Mutolaa jarayonida islohotlar yanada samarali kechishi uchun har bir sudya o‘z-o‘zini isloh qilishi ham lozim, degan g‘oya mujassam ekaniga amin bo‘lasiz. Negaki, islohotlarga o‘zini doxil deb bilgan har bir shaxs ishni o‘zini isloh qilishdan boshlasagina kutilgan natijaga erishish mumkin. Chunki, yurt taraqqiyoti, el osoyishtaligi jamiyatda ustuvorligi bilan chambarchas bog‘liq. Sudning faoliyati esa aynan qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan («Sudlar to‘g‘risida»gi qonun, 4-modda).

Muayyan kasb egalari uchun maxsus qo‘llanmalar chop etilishi, borlari esa izchil yangilanib turilishi ma’lum. Bunday qo‘llanmalar ma’lum doiraga mo‘ljallangani uchun ham jamoatchilik ular haqida yetarli tassavvurga ega emasligi ham bor gap. «Sudya ma’naviyati, odobi va mas’uliyati» kitobi sud xodimlari uchun qo‘llanma, to‘g‘rirog‘i, ma’rifiy qo‘llanma, albatta. Biroq uning qamrovi kattaligi e’tiboridan tom ma’noda keng ommaga mo‘ljallangan. Mazkur kitob har bir xonadonda bo‘lsa, qani?! Yo‘q, oshirib yuborilmadi. Nega desangiz, har bir xonadon sohibi qaysidir ma’noda o‘z oilasining qozisi (sudyasi) hisoblanadi. Ular ham (xonadoni doirasida ijro etilishi majburiy bo‘lgan) hukm chiqaradi, qaror o‘qiydi...

Muhayyo Dedamirzayeva,
Namangan viloyat sudining
fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring