Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odil sudlovning oddiy talabi

Odil sudlovning oddiy talabi

Foto: Xabar.uz

Qanday shaklda bo‘lmasin, sudyalar faoliyatiga aralashmaslik — odil sudlovning oddiy talabi, aslida. Oddiyligi barobarida jiddiy hamdir. Jiddiyligi bois sudlar faoliyatiga aralashuvlar qonun bilan taqiqlangani sabab buning uchun jinoiy javobgarlikkacha jazo chorlari belgilangan. Chunki, sud ishiga har qanday aralashuv kimningdir manfaatini ko‘zlab amalga oshiriladi va alal-oqibat adolatsizlikni keltirib chiqaradi. Davlatimiz rahbari bejiz takror va takror ta’kid etayotgani yo‘q: sud tizimi mustaqil bo‘lmas ekan, jamiyatimizda rivojlanish bo‘lmaydi. Haq gap. Odil sudlovda mag‘lub tomon bo‘lmasligi, bunda qonun tantana qilishi, qonun oldida esa barcha barobar ekanining tub mohiyati ham shunda.

Aravani otdan avval qo‘yib bo‘lmaganidek, sud mustaqilligi va sudyalar daxlsizligining huquqiy asoslari va samarali mexanizmlarini yanada takomillashtirmay turib, odil sudlovga erishmoq mahol. Shu bois keyingi yillarda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlarida sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi tashkil etilishidan tortib, qator huquqiy va me’yoriy hujjatlar, shuningdek, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishigacha bo‘lgan jarayonlar bunga yaqqol misol.

Ayniqsa, davlat rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur farmon ijrosi doirasida sudyalik lavozimiga tayyorlash, ularni tanlash va tayinlashda yangi tartiblar joriy etilishi barobarida sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga aralashuvlarning oldini olish masalasida ijobiy natijalar kuzatilayotganiga keng jamoatchilik guvoh.

Shunga qaramasdan sudlar faoliyatiga turli asossiz aralashuvlar, sudyalarga nisbatan turli shakllarda bosim o‘tkazish, shuningdek, ularga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatish kabi salbiy holatlar yuz berayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

O‘tgan qisqa davrda Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasi asosida sudlar faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha 4 ta holatda aybdor shaxslarga jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilanganligi, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining sudlar mustaqilligi va sudyalar daxlsizligiga ta’sir etuvchi 20 ga yaqin qarorlari bekor qilinganligi bunining isbotidir.

Shuningdek, joriy yilning o‘zida sudyaga tuhmat va hurmatsizlik hamda sud binosidagi bezorilik harakatlari uchun 24 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik, odil sudlovga qarshi jinoyat sodir etganligi uchun 7 nafar shaxsga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilganini ham qayd etish o‘rinlidir.

Gap sudyalar faoliyatiga aralashuvlar haqida ketar ekan, shunday holatlar bor-yo‘qligi izchil o‘rganish va kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rishni ham taqazo etadi. Ayni shu maqsadda Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudyalar o‘rtasida yopiq (anonim) so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, qariyb sakson besh foizga yaqin sudya faoliyatida bosimlarga duch kelmayotganini, 14,9 foizi u yoki bu ko‘rinishda ishiga aralashuvlar mavjudligini bildirgan.

So‘rov natijalari tahlili ko‘rsatishicha, daxlsizligiga tahdid yoki faoliyatiga aralashuv yuz bergan holatlarda barcha sudya ham bu haqda ma’lum qilavermaydi, arzimas holat, deb hisoblaydiganlari ham yo‘q emas. Muayyan holatdan kelib chiqib, bu aralashuvmi-yo‘qmi, murojaat qilsam, qanday tushunishadi, deya ikkilanadiganlari ham oz emas ekan. Bularning oldini olish maqsadida, sud ishlariga har qanday aralashuvlarning oldini olish borasida Sudyalar oliy kengashiga murojaat qilishning alohida tartibi joriy etildi.

Endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kengashga yozma va elektron murojaat qilish, shuningdek aniq holatlar bo‘yicha Kengash xodimlari yoki rahbariyat bilan maslahatlashish imkoni yaratildi.

Halollik, xolislik va salohiyat — sudya uchun eng birlamchi talablar hisoblanadi. Mazkur xislatlardan tashqari sudyada o‘z huquqiga nisbatan da’vogarlik hissi ham shakllangan bo‘lishi kerak. «Haq berilmas, olinur!», deydi donishmand ajdodimiz Abdulla Avloniy. Daxlsizlik — huquq, demak, uning samarali himoyasi birinchi navbatda sudyaning o‘ziga bog‘liq.

Sudya o‘z daxlsizligini muhofaza qilish orqali boshqalarning ham huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Demak, daxlsizlik huquqi — imtiyoz emas. Aksincha, mas’uliyat. Yuqoridagi aytganimiz: oddiy talabning naqadar jiddiyligini shundan ham bilish mumkin.

Xolmo‘min Yodgorov,
Sudyalar oliy kengashi raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring