Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Propiska masalasi: fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yishdagi cheklovlar bekor qilindi

Propiska masalasi: fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yishdagi cheklovlar bekor qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasiga muvofiq,  har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi paktning 12-moddasida biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda bo‘lgan har bir kishi ushbu hudud doirasida erkin ko‘chib yurish va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosining Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 16 va 19-moddalariga ko‘ra, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid bo‘lmasligi, shuningdek fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklaridan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi belgilangan.

Biroq, ayrim normativ-huquqiy hujjatlarda fuqarolarning doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan joyiga qarab ularning bir qator huquqlarini cheklovchi normalar mavjud edi.

Shu jihatdan olib qaraganda, yaqinda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun bilan fuqarolarga respublikamizning bir hududidan boshqa hududiga erkin ko‘chib o‘tishi, yashash uchun ko‘chmas mulk sotib olish borasidagi cheklovlarni bekor bo‘lishi, fuqarolarning bu boradagi huquqlarini real ta’minlash imkoniyatini yaratib berdi.

Endilikda, qarindoshlar — o‘zlarining to‘g‘ri shajara bo‘yicha birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga yoki xususiy mulki bo‘lgan boshqa uy-joy maydoniga doimiy ro‘yxatda turishi mumkin bo‘ldi.

Shuningdek, vasiylik va homiylikdagi shaxslar hamda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bolalar — vasiy (homiy), tutingan ota-onasi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan uy-joy maydoniga doimiy ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, qonunchilikda er (xotin) — xotini (eri) doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga, basharti kamida bir yil birgalikda yashayotgan bo‘lsa doimiy ro‘yxatga qo‘yilishi, agarda Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinganidan so‘ng bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, er (xotin) Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida olingan doimiy propiskani yo‘qotishi haqidagi normani mavjudligi ham - oila masalalarini hal etishdagi erkak va ayolning munosabatlariga ma’lum bir darajada davlat aralashuvi sifatida qarab kelinayotgan edi.

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, er-xotinning nikohdan keyin 1 yil davomida birgalikda yashash sharti va 1 yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar chiqarilishi ham oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi haqidagi Oila kodeksi normalariga muvofiq bo‘ldi. 

Albatta, fuqarolarni ro‘yxatga qo‘yishdagi cheklovlarni bekor qilinishi nafaqat fuqarolarning erkin harakatlanishiga, balki ichki mehnat migratsiyasini rivojlanishiga, ishlab chiqarish va mehnat unumdorligini oshishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Sherali Suyunov,
Adliya vazirligi,
Inson huquqlarini himoya qilish
boshqarmasi yetakchi maslahatchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring