Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otabek Sattoriyning sud ishi bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

Otabek Sattoriyning sud ishi bo‘yicha rasmiy bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bloger Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqish jarayonida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ochiq sud majlisiga kiritilmay go‘yoki protsess yopiq shaklda o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021-yil 10-maydagi hukmiga nisbatan O. Sattoriy va uning himoyachisi tomonidan bergan apellyasiya shikoyati Samarqand viloyati sudining ish yurituviga joriy yilning 16 iyun kuni kelib tushgan. Apellyasiya instansiyasi sud majlisi 2021 yil 29 iyun kuni soat 11:00da Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi binosidan boshlagan.

Aniqlanishicha, sud majlisiga rislik etuvchi sudya tomonidan sud tarkibi va ishtirok etayotgan taraflar e’lon qilinib, jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirilgan. Shundan so‘ng raddiya va iltimosnomalar bor-yo‘qligi so‘ralganda sudlanuvchi O. Sattoriy va uning himoyachisi tomonidan prokuror va sudlov tarkibini rad etish to‘g‘risida hamda sudlanuvchining otasi A.Sattoriyni advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berish haqida iltimosnoma kiritilgan.

Sud taraflarning ushbu iltimosnomalar yuzasidan fikrlarini eshitib, alohida xonaga kirib chiqqandan so‘ng raddiyani rad etish, iltimosnomani esa qanoatlantirish haqida ajrim chiqargan.

«Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, sud majlisida ishtirok etish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etgani, ularning aksariyati sudlanuvchining yaqinlari ekani bois sud majlisi zaliga hammani sig‘dirishning imkoni bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, sud majlisida uch nafar bloger va bir nafar jurnalist ishtirok etgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarda «Sattoriy ishi yopiq ko‘rilmoqda», «sud majlisiga jurnalist va blogerlar kiritilmayapti», «Sudda ochiqlik va shaffoflik yo‘q» degan mazmunda tarqatilayotgan xabarlar haqiqatdan yiroq ekanini ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, O. Sattoriyga oid jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ko‘rilganda qator OAV xodimlari va blogerlar moneliksiz ishtirok etib, hatto sud jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy tarmoqlarda efirga uzatilgan, demakki, ularni apellyasiya instansiyasi majlisiga qo‘ymaslikda na ma’no bor, na mantiq.

E’tiborga olish kerakki, O. Sattoriyga oid jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida ko‘rishning endigina tayyorlov qismi o‘tkazildi, xolos.

Sud muhokamasining tayyorlov qismida jabrlanuvchi taraf advokatining sog‘ligi yomonlashganligi, shuningdek sudlanuvchining himoyachisi ishga yangidan kirishganligi bois sud muhokamasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur vaqt berilishi haqida kiritgan iltimosnomasini inobatga olib, sud majlisi 2021 yil 30 iyun kuni soat 10:00ga qoldirildi», deyiladi bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring