Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Telefonni qoldirib kiring» – bu talab qonuniy (mi)?

«Telefonni qoldirib kiring» – bu talab qonuniy (mi)?

Ayrim fuqarolar ma’lum korxona va tashkilotlarga mobil telefonlarini olib kirishga taqiq qo‘yilganiga e’tiroz bildirishganini uchratib turamiz.

Mazkur masala yuzasidan Adliya vazirligi quyidagi huquqiy tushuntirishni e’lon qilishni lozim topadi.

Qonunchilik

Birinchidan, ma’lum hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun hujjati bilan ba’zi davlat organlarining binosiga mobil telefonlarni olib kirish yoki undan foydalanish cheklangan.

Jumladan, sud binolari, sud protsesslari va ular ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 2981, 2018 yil 15 mart) asosan sud binosiga mobil telefon, foto va video qayd etish vositalarini sud majlisida raislik qiluvchining ruxsatisiz olib kirish taqiqlanadi.

Biroq ayrim toifadagi shaxslar borki, ularga davlat tashkilotlari binosiga kirish uchun cheklov belgilanmagan. Masalan, advokat o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun, protsessual normalarga qat’iy rioya etgan holda sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga egadir.

Ikkinchidan, qonun hujjatlariga muvofiq davlat organi yoki tashkiloti ob’yekt ichki rejimini o‘zi mustaqil belgilash huquqiga ega. Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyuldagi 555-son qaroriga asosan ob’yekt ma’muriyati kirib-chiqish yo‘riqnomasini o‘zi tasdiqlaydi. Shunga ko‘ra ayrim davlat tashkilotlari binosiga kirish uchun mobil telefon olib kirish bilan bog‘liq cheklov belgilangan bo‘lishi mumkin.

Davlat organlari va tashkilotlari joylashgan binolarga shaxsiy mobil telefonlarni olib kirish ichki va axborot xavfsizlikni ta’minlash, ish yurituvidagi oshkor etilmaydigan ma’lumotlarning butligini saqlash maqsadlarida cheklanishi mumkin.

Davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning axborot maxfiyligini saqlash bilan bog‘liq majburiyatlari mansab yo‘riqnomalari va shu kabi boshqa lavozim vazifalarini belgilovchi hujjatlarda ko‘rsatib o‘tiladi. Shu sababli tashkilotlar o‘z axborot xavfsizligi siyosatidan kelib chiqib nafaqat tashqaridan tashrif buyuruvchilar, balki o‘z xodimlariga ham ishxonalarda mobil aloqa vositasidan foydalanishga ruxsat berish va aksincha taqiqlash huquqiga ega.

Uchinchidan, ijtimoiy muassasalar, jumladan maktablar, shifoxonalar, sanatoriylarda ham shaxsiy mobil telefonlarni olib kirish cheklanishi mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim sifatini ta’minlash, ta’lim oluvchilar yoki bemorlarning tinchligini asrash, ularning xavfsizligini ta’minlashdir.

Aholi umumiy foydalanishiga mo‘ljalangan binolarda (kutubxonalar, poyezdlar, teatr, kinoteatr va h.) telefonni olib kirishga emas, balki undan foydalanishi bilan bog‘liq cheklovlar ham boshqa fuqarolarga halaqit qilmaslik nuqtai nazaridan cheklanishi mumkin.

Hayotiy ushbu misollar turli-tuman bo‘lishi mumkin, huquqiy nuqtai nazaridan esa bir xil munosabatlarini tartibga soladi va tashkilotlarning ushbu vakolatlarga ega ekanligining tasdig‘idir.

Qonunchilikda hamma holatlarni oldindan aniqlab, barcha cheklovlarni belgilash ham qanchalik maqsadga muvofiq, degan savol ham shunga bog‘liq, chunki ularning turlari ko‘p va o‘zgarib turadi. Shuning uchun ham, mazkur masalani hal qilish asosan (ayrim hollardan tashqari) har bir tashkilotning o‘ziga havola qilingan.

To‘rtinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining binosiga tashrif buyurayotgan shaxslar bilan mazkur davlat tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlari ommaviy-huquqiy (ma’muriy) munosabatlar hisoblanadi.

Bu yerda gap fuqaroning mulkida emas, balki uning davlat tashkilotiga tashrifi va belgilangan ichki tartib-qoidalarga amal qilishi haqida bormoqda.

Shunga ko‘ra, davlat organlariga joylashgan binoda fuqarolar tomonidan binoga mobil telefonlarini vaqtincha topshirib kirishi amaliyoti fuqarolarning mulkiy huquqlarini cheklanishini anglatmaydi. Chunki mobil telefonni topshirishni istamagan fuqarolar, o‘z shaxsiy mulklarini qoldirib kelishlari mumkin.

Beshinchidan, xizmat xonalaridan tashqarida, ya’ni jamoat joylarida xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar xodimlari bilan o‘zaro munosabatni audio, foto va video qurilmaga qayd qilish mumkin (ichki ishlar xodimi tomonidan foto va video tasvirga olish taqiqlangan belgi mavjud hududlarda xizmat olib borish holatlari bundan mustasno).

Oltinchidan, jahon tajribasiga nazar solsak, ko‘plab davlatlarda aynan axborot va ichki xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tashkilotlarda mobil telefonlardan foydalanishda, foto va videoga qayd etishda cheklovlar mavjud.

Ko‘plab xususiy va tijorat tashkilotlari binolarida tashrif buyuruvchilar uchun davlat tashkilotlariga qaraganda ham og‘irroq cheklovlar mavjud.

Masalan, AQShning Federal tartibga solish to‘g‘risidagi kodeksiga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlash uchun maxsus qoidalar, ko‘rsatmalar yoki buyruqlar bilan yoxud sud qarori bilan taqiqlangan hududlarda suratga, videoga olish man etiladi. Shu sababli bunday hududlarga mobil telefon olib kirish mumkin emas.

AQShda 2010 yilda mashhur sud ishida federal organlar binosini tashqarisidan fuqarolar tomonidan rasmga olish huquqi mavjudligi tasdiqlangan (Musumeci). Shunga qaramay, yo‘riqnomaga asosan har bir holatda bino tashqarisini rasmga olayotgan fuqaroni oldiga xizmatchi borib, suratga olish sabablariga aniqlik kiritishi lozim.

Shuningdek, AQSh federal sud zallarida ham rasmga olish va jarayonni translyasiya qilish taqiqlanadi. O‘z navbatida hattoki AQSh pochta bo‘limlarida ham rasmga olish uchun maxsus ko‘rsatmalar mavjud. Unga ko‘ra xodimlarning faoliyatiga xalaqit bermagan hamda fuqarolarga kirishga ruxsat etilgan joylardagina mas’ul shaxsning ruxsati bilan rasmga olishga yo‘l qo‘yiladi. Jumladan, pochta bo‘limlarida olingan rasmlarda xodimlarning, mijozlarning yoki bo‘limda o‘rnatilgan xavfsizlik kameralarining tasviri aks ettirilmasligi kerak.

Yaponiyada esa davlat organlariga telefon olib kirish mumkin bo‘lsa-da, uning yordamida foto va videoga qayd etish taqiqlanadi.

Yettinchidan, davlat tashkiloti, mansabdor shaxslar u yoki bu funksiyani amalga oshirayotganda faqatgina belgilangan qonun-qoidalarga rioya etishi lozim.
Agar shaxsning talabi qonuniy bo‘lsa, davlat tashkilotlari uni belgilangan tartibda hal qilishga, aksincha bo‘lsa rad etishga majbur.

Ushbu tartiblar, majburiyatlar va munosabatlar mobil telefonlar
va videoga olish moslamalari ixtiro etilishidan oldin ham mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, shaxs o‘z talabi noqonuniy rad etilgan deb, unga nisbatan noqonuniy xatti-harakat sodir etilgan deb hisoblasa, uni ro‘yobga chiqarishning boshqa qonuniy usullari (yuqori tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish) mavjud.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida uzluksiz videokuzatuv tizimi keng tarqalmoqda. Jumladan, so‘roq qilish jarayonini videoqayd etilishini ta’minlash maqsadida, barcha tergovchi va surishtiruvchilar veb-kameralar bilan ta’minlangan, so‘roq qilish va boshqa tergov harakatlarini audio- va videoqayd etish tizimlari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan mobil telefon, foto va video qayd etish vositalarini olib kirilishini taqiqlash bo‘yicha belgilangan talablar amaldagi qonun hujjatlariga zid emasligini, bu harakatlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini biron-bir tarzda cheklamasligini ma’lum qilamiz.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari binolarining fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan qismlarida (xizmat ko‘rsatish zallari, fuqarolar kutish va qabul qilish xonalarida) davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi tamoyillardan kelib chiqib telefondan foydalanishga ruxsat berish tavsiya qilinadi.

Adliya vazirligining mazkur tushuntirishi masalani huquqiy tomonini ochib berishga qaratilgan. Shu bilan birga, barcha ommaviy axborot vositalariga, blogerlarga mazkur tushuntirishni to‘laligicha, alohida so‘z va jumlalarni matndan ajratib olmasdan jamoatchilikka yetkazishlarini so‘raymiz.

Ma’lumot o‘rnida: Adliya vazirligi tizimida, notariat idoralarda, davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar tomonidan audio va video moslamalarni ishlatishga ruxsat etilgan.

Adli vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring