Toshkent va Farg‘onada nashafurushlar qo‘lga tushdi
DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bektemir tumani hududida «zakladka» qo‘yishni rejalashtirgan, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida doimiy ro‘yxatda turuvchi, 1992-yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonida 6 gr «gashish» va 5 gr «mefedron» giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, u ustachilik qilayotgan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi yangi qurilayotgan hovli uy ko‘zdan kechirilganda, bu yerdan jami 1 kg 700 gr «gashish» va 500 gr «mefedron» ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, uning doimiy istiqomat qiluvchi Zafarobod tumanidagi uyidan ham 800 gr «mefedron» sintetik narkotik moddasi olindi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda esa, Qo‘shtepa tumani tomon harakatlanayotgan «Spakr» rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Toshloq tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli bolalar sumkasida Qirg‘iziston Respublikasidan keltirilgan 969 gr «gashish» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ajal og‘usining haqiqiy egasi Farg‘ona shahrida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan shaxs ekanligi aniqlanib, u qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: t.me


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter