Tungi reyd: Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi

11 fevral kuni tungi vaqtda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi va viloyat IIB va boshqa mas’ul tashkilotlar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash hududlaridagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi.
Bunda 70 nafar xodimdan iborat 6 ta ishchi guruh tuzilib, Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlaridagi 40 dan ortiq issiqxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida ayrim issiqxonalar atmosferaga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarayotganligi, filtr o‘rnatilmaganligi va boshqa huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Natijada 26 ta issiqxonaga ogohlantirish berildi va 2 ta issiqxona egasiga belgilangan talablarni bajarmaganligi yuzasidan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya vazirligi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmalari, Prokuratura organlari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan. Bu ishchi guruhlar tomonidan kuz-qish mavsumida issiqxonalar faoliyati yuzasidan doimiy ekologik nazorat reyd tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Jumladan, joriy kuz-qish mavsumida Toshkent viloyati va Toshkent shahri hududlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi. Bugungi kunga qadar jami 630 ta issiqxonada o‘rganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi.
Fakt!
Issiqxonalarning 396 tasi faoliyat yuritayotganligi va 234 tasi (Zangiota tumanida 77 ta, Qibray tumanida 12 ta, Toshkent tumanida 24 ta, Yunusobod tumanida 108 ta, M.Ulug‘bek tumanida 1 ta, Yashnabod tumanida 9 ta, Bektemir tumanida 3 ta) mavsumiy bo‘lganligi, ya’ni qozonxonasi yo‘qligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida isitish mavsumi davomida issiqxonada dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 58 ta issiqxona egalariga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 103 tasining faoliyati to‘xtatildi, 396 ta faoliyat yuritib kelayotgan issiqxonalar egalariga ekologik talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirish ko‘rsatmalari berildi.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter