Xonandaning «nomusga tegish ishi» bo‘yicha IIB qarori qonuniyligi tekshiriladi – Bosh prokuratura
Kecha ijtimoiy tarmoq va veb-saytlar navbatdagi xabardan yaxshigina silkinib oldi: taniqli estrada xonandasi voyaga yetmagan qizning nomusiga tegdi, biroq IIB uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb, topdi!
Inson sha’ni va qadr-qimmatiga oid o‘ta shaxsiy masalalarga oid bunday xabarlar jamoatchilik e’tiborini chandon tortishi tabiiy. Munosabatlar ham shunga yarasha deng... Shu boiski, kechadan buyon shov-shuvlar tinayotgani yo‘q. E’tiborlisi, xonandaning o‘zi ham «voqelik ro‘y berganini» tamoman inkor etmaydi, ammo «hammasi tomonlarning xohish-ixtiyori ila ro‘y bergan»!
Masalaga ma’naviy-axloqiy nuqtai nazardan qaralsa, xonandaning gaplari «e, basharang qursin?!» deyish uchun yetib ortadi, albatta. Biroq holat huquqiy me’yorlardan kelib chiqib baholanadiki, yoqsin-yoqmasin, Bosh prokuraturaga so‘rov yuborishga to‘g‘ri keldi: «delo» tamomila yopildimi endi?
Mahkama matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga bildirishicha, «nomusga tegish ishi» nazoratda, IIB tergovchisining bu boradagi qarori qonuniyligi Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter