Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yolg‘on xayriyalar ortidagi terror: ota qamoqda, o‘g‘il qidiruvda

Yolg‘on xayriyalar ortidagi terror: ota qamoqda, o‘g‘il qidiruvda

Bugungi kunda xalqaro terroristik tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan “mazlumlarga yordam”, “xayriya aksiyasi” degan shiorlar ostida pul yig‘ib, o‘z faoliyatini moliyalashtirishga urinmoqda. Bunday aldovlarga, ayniqsa, yetarli dunyoqarash va diniy savodga ega bo‘lmagan yoshlar tushib qolmoqda, deyiladi DXX xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs yot g‘oyalar ta’siriga tushib, 2019 yilda Suriya hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan pul yig‘ish va tashkilotning moliyaviy ta’minotini yaxshilash bilan shug‘ullangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025 yillar davomida u internet orqali O‘zbekiston fuqarolari bilan muloqotga kirishib, ularning kriptovalyuta ko‘rinishida pul yuborishiga da’vat qilgan. Natijada katta miqdorda mablag‘ to‘plangan. Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 155³-moddasi (terrorizmni moliyalashtirish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs o‘zining jinoiy faoliyatiga 1965 yilda tug‘ilgan otasini ham jalb qilgan. 2022–2025 yillar davomida ota “BINANCE” xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 597 USDT kriptovalyutasini o‘g‘liga yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur fuqaro muqaddam diniy ekstremizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatgani uchun 2019 yilda Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi asosida 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, keyinchalik shartli ravishda ozod qilingan edi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga chek qo‘yilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Buxoro shahar sudi hukmiga ko‘ra, 1965 yilda tug‘ilgan fuqaro Jinoyat kodeksining 155³-moddasi 2-qismi “a” bandi va 278⁸-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li esa Jinoyat kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring