Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Banklarda axborot xavfsizligi xizmatlari tashkil etiladi

Banklarda axborot xavfsizligi xizmatlari tashkil etiladi

Foto: Xabar.uz

Har bir bank va uning filiallarida axborot xavfsizligi xizmati tashkil etiladi

Banklarning axborot xavfsizligiga doir minimal talablar belgilandi. 

“O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizligiga doir minimal talablar to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Nizom Markaziy bank qarori asosida tasdiqlangan. Qaror uch oydan keyin kuchga kirishi belgilangan. 

Nizomga ko‘ra, banklar va ularning filiallarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash xizmati tashkil etiladi.

Xizmat bankning axborot aktivlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash, to‘lov ma’lumotlarining noqonuniy o‘zgarishi, bank yoki uning mijoziga zarar yetkazish holatlarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.

Xavfsizlik xizmatining bir qancha vazifasi belgilangan. Unga ko‘ra,  xizmat noxush hodisalarni tekshiradi, ularni tahlil qiladi, qayta ishlaydi. Bank siri va shaxsga doir sirlar saqlanishini nazorat qiladi. 

Bank axborot xavfsizligiga oid ichki siyosatni ishlab chiqishi va qabul qilishi lozim.

Bundan tashqari, banklar ma’lumotlar bazasi sozlanishlarida xatoliklarni oldini olishi va tajovuzkorning quyidagi harakatlarini cheklashlari kerak, jumladan:

- ma’lumotlar bazasiga kirish;

-administrator va foydalanuvchilar parollarini bilib olish;

- ma’lumotlar bazasining tizim fayllariga kirish;

- zararli dasturlar o‘rnatish;

- ma’lumotlar bazasi va serverga masofadan hujum qilish.

Tarmoqlararo ekran qurilmalari va proksi-serverlarning elektron bayonnomalari Xizmat tomonidan tahlil qilib boriladi va tashqi hujumlar aniqlanganda zudlik bilan Markaziy bankka xabar beriladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring