Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter