Hududlarda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi
«Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF-223-son, 20.12.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, mahalliy hokimliklar mas’uliyati va hisobdorligini oshirish hamda ularning tashabbuskorligi, islohot va o‘zgarishlarga «egalik qilish» rolini kuchaytirishga qaratilgan tizim joriy etiladi.
2025 yilda respublika va hududlar kesimida iqtisodiy o‘sish, ishsizlik hamda kambag‘allik darajasini pasaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar beriladi:
- 2025 yil 1 yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni to‘liq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkazish;
- mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetiga va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda ob’yekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yildan quyidagilarga ruxsat beriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga:
- tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YaTTlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining eng kam va eng yuqori qat’iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YaTTlarga qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilash;
- soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 metr kvadrat uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent, xususan, Toshkent shahrida ushbu oshiruvchi koeffitsiyentni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llash;
Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga:
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash;
- noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlarini berish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter