Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident: maishiy kimyo mahsulotlari bo‘yicha 2 mlrd dollarlik bozor mavjud

Prezident: maishiy kimyo mahsulotlari bo‘yicha 2 mlrd dollarlik bozor mavjud

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kimyo sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilandi.

Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo va MDH mintaqasida maishiy kimyo mahsulotlari uchun 2 mlrd dollarlik bozor mavjud bo‘lib, O‘zbekiston ushbu imkoniyatlardan faol foydalanishni maqsad qilgan.

Yig‘ilishda «Angren» erkin iqtisodiy zonasidagi korxona misol tariqasida keltirildi. Dunyoga mashhur «Henkel» kompaniyasi mahalliy korxona bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, keyinchalik uni sotib olgan. Endilikda korxona bazasida Hamdo‘stlik davlatlariga mahsulot eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Shu kabi loyihalarni ko‘paytirish maqsadida Toshkentdagi sanoat zonalaridan biri maishiy kimyo ishlab chiqaruvchilarga ajratiladi. Ishga tushirilgan korxonalarni tayyor biznes sifatida xususiy sektorga sotish mexanizmi asosida loyihalarga 50 mln dollar, hududlardagi tashabbuslarga esa 15 mln dollar yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga maishiy kimyo sohasida kamida 100 ta yangi mahalliy brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Bu ichki bozorda raqobatni kuchaytirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda mineral o‘g‘itlar bozori yiliga o‘rtacha 5 foiz o‘sib, 2030 yilga borib 260 mlrd dollardan oshadi. Ayniqsa, suvni tejovchi agrotexnologiyalar kengayishi fonida suvda eruvchan o‘g‘itlarga talab jadal ortmoqda.

Investorlar bilan muzokaralar natijasida:
Qashqadaryoda yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan 114 mln dollarlik loyiha;
Sirdaryo viloyatida 400 mln dollarlik loyiha amalga oshirilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Kelgusi uch yilda kimyo sanoatida umumiy qiymati 2,8 mlrd dollarlik 42 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada 2030 yilgacha:
Azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish 2,8 mln tonnadan 4 mln tonnagacha;
Fosforli o‘g‘itlar 400 ming tonnadan 900 ming tonnagacha;
Suvda eruvchan o‘g‘itlar 100 ming tonnadan 400 ming tonnagacha oshiriladi.

Prezident sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish zarurligini alohida ta’kidladi. Shu maqsadda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 60 gektar maydonda kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta’lim klasteri tashkil etiladi.

Klaster doirasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazi barpo etilib, unda tajriba-sinov xarajatlarining 50 foizigacha qoplab beriladi.

Shuningdek, kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali ushbu klaster hududiga ko‘chiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring