Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda pensiya tizimi yangilanadi: nimalar o‘zgarishi aytildi

O‘zbekistonda pensiya tizimi yangilanadi: nimalar o‘zgarishi aytildi

Pensiya jamg‘armasi direktori Murodbek Otajonov O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan asosiy takliflarni ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, yangiliklar fuqarolarning pensiya jamg‘armalarini ko‘paytirish va hisoblash tizimini yanada adolatli qilishga qaratilgan.

Takliflarga ko‘ra, ish haqidan ixtiyoriy ravishda 5 foiz mablag‘ ajratadigan xodimlarga davlat ushbu summaning yana 50 foizini qo‘shib beradi. Masalan, fuqaro o‘z hisobvarag‘iga 100 ming so‘m o‘tkazsa, davlat qo‘shimcha 50 ming so‘m qo‘shadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 7 million so‘m oylik oladigan xodim amaldagi tizimda 20 yilda taxminan 5 million so‘m jamg‘arsa, yangi tizimda bu mablag‘ 126 million so‘mga yetishi mumkin.

Shuningdek, yuqori maosh oluvchilar uchun ham qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmi taklif etilmoqda. 7 million 600 ming so‘mdan yuqori ish haqining ortiqcha qismi bo‘yicha to‘langan ijtimoiy soliqning 1 foizi xodimning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yana bir muhim taklif – pensiya hisoblashdagi eng yuqori ish haqi chegarasini oshirish. Hozirgi tartibga ko‘ra, pensiya hisoblash uchun 6 million so‘mlik chegara qo‘llaniladi va shu sababli 15 million so‘m maosh olgan xodim ham eng ko‘pi 3,3 million so‘m pensiya oladi. Endi ushbu cheklovni qayta ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, pensiya hisoblash tartibi ham o‘zgarishi mumkin. Yangi taklifga binoan, pensiya oxirgi 10 yilning istalgan 5 yili emas, balki 20 yillik mehnat faoliyati davomidagi ish haqi asosida hisoblanadi. Bunda xodimning eng past ish haqi olgan ikki yili hisob-kitobdan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan.

Raqamlashtirish doirasida «Mening pensiyam» mobil ilovasi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U orqali fuqarolar mehnat staji, ish haqi, to‘langan soliqlar va shakllangan pensiya jamg‘armasini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.

Murodbek Otajonovning ta’kidlashicha, mazkur takliflar hozircha muhokama bosqichida. Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimi millionlab fuqarolar manfaatlariga daxldor ekanini qayd etib, barcha takliflarni chuqur o‘rganish va aholi bilan keng muhokama qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring