Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish osonlashadi

Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish osonlashadi

Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra:

  • yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz amalga oshirish huquqiga ega;
  • meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan to‘lov olish talablari ularga qo‘llangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega. Bunda eksport tushumlariga yagona soliq to‘lovi to‘lanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qo‘llaniladi;
  • eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha infratuzilma ob’yektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, «Global GAP», «Halal» va «Organic» standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

2019-yil 1-martga qadar:

  • internet tarmog‘ida «TradeUzbekistan.com» elektron savdo maydonchasi hamda eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portali yaratiladi;
  • mamlakatda «Global GAP», «Halal» va «Organic» standartlari talablariga muvofiq meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash tashkil etiladi.

Qaror bilan hududlarda mahalliy hokimiyat va davlat organlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga to‘sqinlik qilinganligi uchun shaxsan mas’ul etib belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring