Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochishga tayyorligi bildirildi

O‘zbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochishga tayyorligi bildirildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ostona shahrida birinchi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Yevropa kengashi Prezidentlari hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari ishtirok etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi hamkorligining savdo-iqtisodiy yo‘nalishiga to‘xtalib, mamlakatlarimiz «GSP+» imtiyozli savdo tizimiga qo‘shilganidan so‘ng joriy yilning boshidan buyon yuqori qo‘shilgan qiymatli o‘zbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etdi.

Biroq, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emasligi ta’kidlanib, Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo bo‘lmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilish uchun:

- sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini ta’minlash;

- YeI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;

- yevropalik iste’molchilar o‘rtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir bo‘lishi uchun qo‘shma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Prezidentimiz Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasini ta’sis etishni taklif qildi.

Ushbu tuzilma faoliyati doirasida «Global darvoza» tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring