O‘zbekiston va Afg‘oniston 243 mln dollarlik energetika loyihalari ustida ishlaydi

2025-yil 17-avgust kuni Afg‘onistonning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Axund ishtirokida Hukumat axborot markazida Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) kompaniyasi hamda O‘zbekiston o‘rtasida to‘rtta elektr energetikasi loyihasi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Shartnoma imzolash jarayonida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va «O‘zenergosotish» rahbarining birinchi o‘rinbosari Shohrux Qoraboyev ishtirok etdi.
Loyihalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 500 kV kuchlanishdagi Surxon–Dashti-Alvon elektr uzatish liniyasi (1000 MVt quvvat),
- Argandi podstansiyasini 800 MVAgacha kengaytirish,
- 220 kV kuchlanishdagi Kobul–Shayx Mesri elektr uzatish liniyasi (800 MVt quvvat),
- Nangarhor viloyatida Shayx Mesri podstansiyasini qurish (126 MVA quvvat).
O‘zbekiston ushbu loyihalarga taxminan 243 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritadi.
Loyihalar to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng Afg‘oniston O‘zbekistondan 800–1000 megavatt elektr energiyasi oladi. Barcha ishlar 18 oy ichida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Manba: dpmea.gov.af
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter