O‘zbekistonga AQShdan paxta sotib olish nega kerakligi aytildi

Bir muddat oldin Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasining AQSh rasmiylari bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga Qo‘shma Shtatlarda yetishtirilgan paxtani yetkazib berish masalasini muhokama qilgani xabar qilingan edi.
So‘nggi haftalarda O‘zbekiston o‘zining yirik ishlab chiqarish hajmlariga qaramay, AQShdan paxta xarid qilishi mumkinligi haqidagi xabar faol muhokama qilinmoqda. Bu holat ajablanarli tuyuladi. Sababi – mamlakat an’anaviy paxta eksportchisi bo‘lib kelgan. Lekin bu bu yerda gap O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining jahonning premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam haqida ketmoqda.
Quyida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonov O‘zbekistonga paxta importi kerakligining sabablari va bu mamlakatga qanday foyda keltirishi haqida so‘z yuritadi.
***
To‘qimachilik sanoatining jadal o‘sishi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2017-yildan buyon paxta ipi ishlab chiqarish hajmi 412 ming tonnadan 970 ming tonnagacha, trikotaj mato ishlab chiqarish 68 ming tonnadan 312 ming tonnagacha, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish esa 960 million donadan 3,1 milliard donagacha oshdi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakat ichida paxtani chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot eksportini rag‘batlantirish siyosati natijasidir. Haqiqatan ham, agar 2016 yilda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksporti qariyb 1,1 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,8 milliard dollarga yetdi. Bu esa tarmoqning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligi oshganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta hosilining barchasi mahalliy korxonalarda qayta ishlanib, paxta tolasi ichki qayta ishlash darajasi 100 foizga yetgan. O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarining mahsulotlari hozirda 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. Barcha imkoniyatlar xom ashyoni yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq siklni rivojlantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, bunday yutuqlar yangi vazifalarni ham yuzaga chiqardi. Endilikda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati AQSh va Yevropa Ittifoqining premium bozorlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashi lozim. Bu bozorlarda yuqori sifat standartlari, xom ashyoning kelib chiqishini kuzatish imkoniyati (traceability) va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Bunday global brendlar talablariga mos kelish uchun faqat ichki imkoniyatlar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli maxsus navli paxtani import qilish zarurati yuzaga kelgan.
Import – mahalliy ishlab chiqarish o‘rnini bosish uchun emas, balki qo‘shimcha imkoniyatlar ochish uchun
Ko‘pchilikda savol tug‘iladi: agar mamlakatda paxta yetarli bo‘lsa, nega uni import qilish kerak? Muhim jihati shundaki, import hech qachon mahalliy xom ashyoni almashtirish uchun mo‘ljallanmagan. Aksincha, u faqat aniq buyurtmalarni bajarish uchun kerak bo‘ladigan joylarda uni to‘ldiradi. O‘zbekiston har yili 1–1,15 million tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi va bu hajmning barchasi allaqachon mahalliy fabrikalarda qayta ishlanadi. Boshqacha aytganda, mahalliy paxta to‘liq ichki ehtiyoj uchun ishlatilmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab yangi to‘qimachilik korxonalari ishga tushirildi va ularning umumiy quvvati tez sur’atlarda oshmoqda. Natijada fabrikalarning o‘rtacha quvvatdan foydalanish darajasi hozircha 75 foiz atrofida. Bu esa tarmoqda foydalanilmagan quvvatlar mavjudligini anglatadi va ularni aynan qo‘shimcha xom ashyo hisobiga ishga solish mumkin. Import qilinadigan paxta faqat yuqori sifat va sertifikatlashning xalqaro standartlari talab qilinadigan ishlab chiqarish liniyalari va shartnomalarga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, tashqi bozordan paxta xaridi mahalliy fermerlarga raqobat tug‘dirmaydi (ularning mahsuloti allaqachon to‘liq iste’mol qilinmoqda), balki sifatning yangi bosqichiga chiqish uchun maqsadli vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Jahon yetakchilari tajribasi
O‘z xom ashyosini import bilan uyg‘unlashtirish strategiyasi aslida yangilik emas – uni yetakchi to‘qimachilik davlatlari muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqda. Masalan, Turkiya, Bangladesh, Vetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Meksika va hatto Xitoy har yili AQSh, Braziliya, Avstraliya va Afrika davlatlaridan katta hajmda paxta import qiladi.
Nega ular bunday qiladilar? Javob juda oddiy: o‘z yengil sanoatini global mijozlar talablariga javob beradigan sifatli xom ashyo bilan ta’minlash uchun.
Masalan, Turkiya katta paxta ishlab chiqaruvchisi bo‘lishiga qaramay, yuqori sifatli tolani baribir chetdan sotib oladi. Bu esa turk fabrikalariga Yevropaning moda gigantlari bilan barqaror hamkorlik qilish imkonini beradi. Bangladesh esa deyarli paxta yetishtirmaydi, ammo butunlay import xom ashyoga tayanib, dunyoda kiyim-kechak eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Vetnam import paxtasi tufayli AQSh bozoriga eng yirik besh to‘qimachilik yetkazib beruvchidan biriga aylandi, Turkiya esa Yevropa Ittifoqining tikuv mahsulotlari bo‘yicha asosiy hamkorlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, global moda bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun mamlakat butun paxtani o‘zi ishlab chiqarishi shart emas. Eng muhimi – yakuniy buyurtmachiga talab qilingan sifat va yetkazib berish ishonchliligini taqdim eta olishdir, hatto buning uchun xom ashyoning bir qismini tashqi bozordan xarid qilishga to‘g‘ri kelsa ham.
Bundan tashqari, muayyan navli paxtani import qilish orqali ushbu davlatlar o‘z mahsulotlarini qo‘shimcha qiymat beradigan maxsus yorliqlar bilan belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Jahon bozorining premium segmentlariga chiqish strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «Made with U.S. Cotton» tashabbusi xalqaro sifat talablari, kelib chiqishini kuzatish (traceability) va ekologik barqarorlik standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
Amerika paxtasining afzalligi
Nega o‘zbek to‘qimachilari e’tiborida aynan Amerika paxtasi bo‘lmoqda? Gap shundaki, AQShdan keladigan paxta tolasi barqaror yuqori sifati bilan mashhur bo‘lib, U.S. Cotton Trust Protocol – yetkazib berish zanjirini standartlashtirish va kuzatishning zamonaviy tizimiga mos keladi. Sertifikatlangan amerika xom ashyosidan foydalanish yakuniy mahsulotni «Made with U.S. Cotton» degan nufuzli yorliq bilan belgilash huquqini beradi. Bir qator yirik brendlar uchun bu shunchaki marketing emas, balki hamkorlikning majburiy shartidir. Masalan, Levi’s, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi kompaniyalar kolleksiyalarning bir qismi ushbu dasturga kiruvchi paxtadan tayyorlanishini talab qiladi. Shunday qilib, Amerika paxtasini xarid qilish o‘zbek fabrikalariga ilgari imkoni bo‘lmagan global brendlar bilan shartnomalar tuzish yo‘lini ochadi.
Sotib olinadigan xomashyo dunyoga mashhur Strict Middling paxta navi hisoblanadi. Bu o‘ziga xos xususiyatlarga ega yuqori navli paxta navidir. Tolasi uzun va qalin, bir xil ochiq va toza ranglarda. Aynan shunday paxta ko‘plab brendlarning premium kiyimlari uchun talab qilinadi. Uni har qanday xom ashyodan olib bo‘lmaydi – u ma’lum sharoitlarda yetishtirilgan va qayta ishlangan bo‘lishi kerak. Jahon bozorida bu navning ishonchli yetkazib beruvchilari sifatida AQSh, qisman Avstraliya va Braziliya tan olingan. O‘zbekiston uchun esa AQShdan Strict Middling partiyasini import qilish milliy to‘qimachilik sanoati nufuzini oshirish va premium segmentga chiqish yo‘lidagi bevosita qadam hisoblanadi.
Moliyaviy jihatini ham alohida ta’kidlash lozim. Amerika paxtasini xarid qilish AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligining GSM-102 dasturi doirasida rejalashtirilmoqda. Bu kredit kafolatlari mexanizmi bo‘lib, unga ko‘ra o‘zbek korxonalari xom ashyoni 12–18 oygacha to‘lovni kechiktirish sharti bilan olishi mumkin. Amalda, amerika tomoni bitim summasining 98 foizigacha bo‘lgan qismini sug‘urtalaydi va ishlab chiqaruvchilarga paxtadan foydalanish, keyin esa kelajakdagi eksport tushumidan qiymatini to‘lash imkonini beradi. Bunday sxema rivojlanayotgan bozorlar uchun foydali va moslashuvchan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishda keng qo‘llanadi. O‘zbekiston uchun GSM-102da ishtirok etish kompaniyalar aylanma mablag‘lariga darhol yuklama tushirmasdan yuqori sifatli xom ashyoga imtiyozli moliyaviy sharoitlardan foydalanishni anglatadi.
Strict Middling navini hozircha o‘zimizda yetishtirish imkoni yo‘q
Savol tug‘iladi: kerakli sifatdagi paxtani bevosita O‘zbekiston dalalarida yetishtirsa bo‘lmaydimi? Afsuski, yaqin yillarda Strict Middling darajasiga erishish bir qator ob’ektiv sabablar tufayli qiyin. Birinchidan, butun tarmoq ehtiyojini faqat mahalliy xom ashyo hisobidan qoplash uchun paxta ekiladigan maydonlarni keskin kengaytirish va hosildorlikni sezilarli oshirish zarur bo‘ladi. Bunday agrotexnologik o‘zgarishlar tez amalga oshirilmaydi – mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bunga kamida 5 yil davomli tinimsiz mehnat kerak bo‘ladi. Ikkinchidan va eng asosiysi, Strict Middling navi faqat muayyan tabiiy-iqlim sharoitlarida va tolani qayta ishlash texnologiyalarida hosil bo‘ladi. Paxtaning sifati – uning uzunligi, mustahkamligi, bir xilligi va rangi – bevosita iqlimga, quyosh nuri miqdoriga va hosil pishish hamda yig‘im-terim davridagi namlik darajasiga bog‘liq. O‘zbekiston o‘rtacha navli paxta yetishtirish uchun qulay iqlimga ega, ammo eng yuqori nav uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni tabiatan ta’minlash qiyin.
Shu sababli, yaqin istiqbolda yuqori navli paxtani import qilish, xuddi shunday navni o‘zimizda yetishtirishga urinishi bilan solishtirganda, ancha real va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq yechim hisoblanadi. Bu, albatta, mahalliy paxta navlarini yaxshilash va seleksiya bo‘yicha uzoq muddatli dasturlarni bekor qilmaydi, ammo hozirgi bozordagi imkoniyatlarni boy bermaslikka yordam beradi.
Ishlab chiqaruvchilar uchun foyda
O‘zbek to‘qimachilik korxonalari uchun import paxtadan foydalanish nafaqat sotuv hajmlarini, balki ishlab chiqarish jarayonini ham yangi bosqichga olib chiqadi. Yuqorida aytilgan kechiktirilgan to‘lov sxemasi (12–18 oy) doirasida xom ashyo xarid qilish fabrikalarga o‘z mablag‘larini chalg‘itmasdan quvvatlarni ishga solish imkonini beradi. Oddiy qilib aytganda, zavod sifatli tolani oladi, darhol undan mahsulot ishlab chiqadi, eksport qiladi va faqat shundan so‘ng – tushgan tushumdan – paxta uchun to‘lov qiladi. Bu ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun juda qulay: eksport shartnomalaridan keladigan mablag‘lar aylanmasi hisobiga ketma-ket 2–3 ishlab chiqarish siklini bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Albatta, elita amerika paxtasi oddiy xom ashyoga qaraganda qimmatroq – uning narxi mahalliy paxtaga nisbatan qariyb 15–20% yuqori. Ammo muhim jihati shundaki, uni barcha buyurtmalar uchun emas, faqat eng foydali, yuqori marjaga ega kontraktlar uchun sotib olinadi. Bunday hollarda xom ashyo uchun qo‘shimcha xarajatlar tayyor mahsulotning yuqori narxi bilan o‘zini to‘liq oqlaydi. Aslida, import o‘zbek fabrikalariga ilgari o‘tkazib yuborilgan global brendlar buyurtmalarini olish imkonini beradi. Shu bilan birga, mahalliy paxta asosidagi bazaviy ishlab chiqarish saqlanib qoladi – u ommaviy segment mahsulotlarining asosiy hajmini ta’minlaydi.
Shuni ham alohida qayd etish kerakki, GSM-102 kabi importni moliyalashtirish sxemalari korxonalarni bozor xavflaridan himoya qiladi. AQSh hukumati kafolatlari to‘lovsiz qolish mumkin bo‘lgan holatlarning katta qismini qoplaydi, uzoq muddatli to‘lov esa narx va talab tebranishlarini yumshatadi. Natijada, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari ish rejalarini qo‘rqmasdan tuza oladi, shartnomalarni bajarish uchun zarur xom ashyoga ega bo‘lishini biladi va shunga moslashib, pul oqimlarini boshqaradi. Bularning barchasi paxta importini majburiy choradan puxta o‘ylangan biznes qaroriga aylantiradi.
Global imidj va integratsiya
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining jahon bozorining premium segmentlariga chiqishi faqat alohida fabrikalar darajasida emas, balki mamlakat miqyosida ham foyda keltiradi. Gap O‘zbekistonning sifatli mahsulot yetkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatidagi xalqaro imidjini mustahkamlash haqida ketmoqda. Agar «Made with U.S Cotton» yorlig‘iga ega o‘zbek mahsulotlari AQSh va Yevropa Ittifoqi do‘konlarida paydo bo‘lsa, bu boshqa global chakana savdo tarmoqlari va distribyutorlarning ishonchini oshiradi. Allaqachon GSP+ imtiyozlarini olish Yevropa Ittifoqi kabi murakkab bozorlar uchun O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini oshirishga imkon berdi – qisqa vaqt ichida YeIga eksport hajmi taxminan 74 million dollardan 140 million dollarga o‘sdi. Amerika hamkorlari bilan ishlash esa AQSh bozoriga chiqishda ham xuddi shunday ijobiy natija berishi mumkin.
Strategik jihatdan bunday qadam mamlakatning global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashishiga yordam beradi. O‘zbekiston so‘nggi yillardagi islohotlar, paxta plantatsiyalarida majburiy mehnatdan voz kechilishi va biznes muhitining yaxshilanishi tufayli jahon to‘qimachilik sanoati xaritasida tobora sezilarli o‘rin egallamoqda. Yuqori sifatli xomashyo importi va xalqaro barqarorlik protokollariga (masalan, U.S. Cotton Trust Protocol) rioya qilish O‘zbekiston to‘qimachilik sektorini zamonaviy, mas’uliyatli biznes yurituvchi o‘yinchi ekanligini tasdiqlovchi yana bir dalil bo‘ladi. Bu yangi investorlar va buyurtmalarni jalb etadi: mamlakat asta-sekin global brendlar ishlab chiqarishni joylashtirishi va uning samaradorligi hamda standartlarga mosligiga ishonch hosil qilishi mumkin bo‘lgan mintaqaviy «sourcing-hub»ga aylanadi.
Xullas, kiyim-kechak eksportchilari oldingi qatorlarida bo‘lish O‘zbekistonning eksport obro‘sini yuksalishiga olib keladi. Bu esa logistika va dizaynga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Nike yoki H&M kabi brendlar uchun yetkazib beruvchi bo‘lish – bu “yuqori liga”da o‘ynash demakdir, va bunday darajadagi reklama juda katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, O‘zbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha davlat ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan eksportning uzoq muddatli o‘sishi uchun poydevor yaratmoqda.
O‘ylangan qadam – kelajakka sarmoya
Xulosa qilib aytganda, rejalashtirilgan paxta importini majburiy choradan ko‘ra rivojlanishning puxta o‘ylangan strategiyasi sifatida ko‘rish kerak. Bu orqali mamlakat to‘qimachilik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish uchun zarur bo‘lgan resurslarga ega bo‘ladi – premium segmentlarga chiqish, texnologik darajani oshirish va qimmat buyurtmalarni jalb etish imkonini beradi. Bu jarayonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘rmaydi, aksincha, yangi imkoniyatlar va quvvatlarning to‘liq ishlatilishidan foyda ko‘radi. Umumiy qilib aytganda, yuqori sifatli paxta tolasi importi – bu O‘zbekistonning jahon moda sanoatidagi mavqeini mustahkamlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan pragmatik qadamdir.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston sifat va obro‘ga investitsiya qilmoqda – bu esa albatta o‘z samarasini beradigan sarmoyadir.
Manba
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter