Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zmilliybank London fond birjasida navbatdagi xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

O‘zmilliybank London fond birjasida navbatdagi xalqaro obligatsiyalarini joylashtirdi

Joriy yil 27 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ (keyingi o‘rinlarda – O‘zmilliybank) ikki transhdan iborat jami 411 mln. AQSh dollari miqdoridagi obligatsiyalarni London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirdi. Jumladan:

1) 300 mln. AQSh dollari - 5 yil muddatga
2) milliy valyutada 1 400 mlrd. so‘m - 3 yil muddatga.

O‘zmilliybank o‘z obligatsiyalarini xalqaro investorlar diqqatiga O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 21 may kuni umumiy qiymati 1,5 mlrd. AQSh dollariga teng suveren xalqaro obligatsiyalarini ilk bor 3-ta valyutada jahon moliya bozorlarida joylashtirilganidan so‘ng taqdim etdi.

Obligatsiyalarni joylashtirishni muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida O‘zmilliybank tomonidan yetakchi global banklar-anderrayterlar, yuridik va auditorlik kompaniyalari jalb qilindi:

⦁ Bank-anderrayterlar: JP Morgan (AQSh), Citibank (AQSh), Deutsche Bank (Germaniya), NATIXIS (Fransiya), Societe Generale (Fransiya), Standard Shartered Bank (Buyuk Britaniya), First Abu Dhabi Bank (BAA), Mashreqbank (BAA);
⦁ Auditorlik kompaniyalar: Deloitte & Touche; Ernst & Young
⦁ Yuridik kompaniyalar: - Dentons va Linklaters.

London fond birjasida obligatsiyalar xisobiga jalb qilingan mablag‘lar birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 20 may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid yig‘ilishda bergan topshiriqlarini so‘zsiz bajarishga va iqtisodiyotimizning turli tarmoqlaridagi muhim loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni ta’minlaydi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Shuni takidlab o‘tish kerakki, O‘zmilliybank O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklari orasida birinchi bulib milliy valyutada xalqaro obligatsiyalarni jahon moliya bozorida ommaviy tarzda joylashtirdi. Milliy valyutada jalb qilingan mablag‘lar pirovard maqsadda respublikamiz hududlarida aholi bandligini ta’minlash uchun turli tarmoqlarda loyihalarni moliyalashtirish, zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish, xizmatlar soxasini rivojlantirishga hamda ular natijasida aholining turmush sharoitini yaxshilashga yunaltiriladi.

Dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, O‘zmilliybankning obligatsiyalari jahon moliya bozorida muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli va oqilona islohotlarga xalqaro investorlar tomonidan bildirilgan ishonch natijasidir.

O‘zmilliybankning mazkur obligatsiyalar tranzaksiyasi O‘zbekiston Respublikasining boshqa tijorat banklari va korxonalari uchun mezon (benchmark) bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumotnoma: London fond birjasi 1801 yilda tashkil etilgan bo‘lib dunyodagi yetakchi fond birjalaridan biri hisoblanadi va Buyuk Britaniyaning moliyaviy markazida joylashgan. London fond birjasida turli xil kompaniyalarning aksiyalari sotiladi va sotib olinadi, bu kompaniyalarga o‘z biznesini rivojlantirish uchun mablag‘lar jalb qilish imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring