Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Bektemir tumaniga bordi

Prezident Bektemir tumaniga bordi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Pandemiya tufayli vaqtincha to‘xtab qolgan korxonalar o‘z faoliyatini tiklay boshladi. Lekin ular yana to‘liq quvvatga chiqishi uchun vaqt va rag‘bat zarur. Prezident Shavkat Mirziyoyevning qator farmonlari va videoselektor yig‘ilishlarida bu borada aniq vazifalar belgilanib, izchil amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bugun Toshkent shahrining Bektemir tumaniga safarini boshlab, bu yerda bajarilayotgan ishlar, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident dastlab «Bektemir metall konstruksiyalari» mas’uliyati cheklangan jamiyat zavodiga bordi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Loyihaning umumiy qiymati 48 million dollar bo‘lib, 2018 yilda ishga tushirilgan. Korxona yiliga 65 ming tonna ruxlangan metall, 1 600 kilometr yo‘l to‘siqlari, 130 ming tonna payvandlangan quvur va 17 ming dona yoritish ustuni ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Metall konstruksiyalarini issiq haroratda ruxlash Italiyaning Bisol S.p.A. uskunasida, xalqaro me’yorlar va sifat standartlari darajasida amalga oshirilmoqda. Bunday mahsulotlar chidamliligi, ko‘rimliligi va o‘rnatish jarayonida qulayligi bilan afzal. Shuningdek, bu yerda Xitoy, Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan.

Korxonada jami 375 nafar muhandis va ishchi  mehnat qilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

– Bu texnologiyalar ham, mahsulotlar ham yaxshi. Lekin har dam rivojlanishni o‘ylash kerak. Arzon, xavfsiz va sifatli konstruksiyalar ishlab chiqarib, korxonaning qurilish industriyasidagi o‘rnini kengaytirish zarur. Mahsulot qachon arzon bo‘ladi? Sharoit yaratsak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunga erishish uchun loyihalashtiruvchi guruh tuzish, Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya tajribasi asosida korxonani sanoat klasteriga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.

Malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbarining Bektemir tumaniga safari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring