Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentning yangi qarori qabul qilindi

Prezidentning yangi qarori qabul qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib:

  • iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xizmatlar sohasini muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish;
  • aholiga tayyor biznes rejalar va loyihalar taqdim etish, ularni kasbga o‘qitishdan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oluvchi «kompleks xizmatlar» ko‘rsatishni tashkil etish;
  • respublikada xizmatlar sohasining rivojlanganligini baholash tizimini joriy etish orqali davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi faoliyati samaradorligini oshirish va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini kuchaytirish;
  • xizmatlar sohasida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib xizmatlar turlarini kengaytirish, hududlarda, ayniqsa, qishloq joylarda transport, moliyaviy, shuningdek, bank, turizm hamda savdo xizmatlari qamrovini kengaytirish;
  • respublikaning barcha hududlarida mavjud ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari salohiyatini oshirish, ularning sifatini yaxshilash, bunda xususiy sektorni jalb qilish uchun qulay iqtisodiy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish belgilandi.

Shuningdek, 2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida xizmatlar sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari hamda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Hududlarda tashabbuskor tadbirkorlarning g‘oyalari asosida aholining ehtiyoji mavjud xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalarni kiritish, shuningdek, joylarda mazkur xizmatlarni ko‘rsatuvchi «xizmat ko‘rsatish majmualari»ni tashkil etish belgilandi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab respublika hududlarida xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingi joriy etiladi.

Unga ko‘ra:

  • xizmat ko‘rsatuvchi, shu jumladan, yangi tashkil etilgan sub’yektlar soni, xizmatlar hajmi va turlari, yaratilgan ish o‘rinlari, soliq bazasi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar asosida tegishli sohalarga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari, ularning hududiy bo‘linmalari rahbarlari va boshqaruv xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini baholash;
  • xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingini «BUSINESS INDICATOR» avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida shakllantirish, yuritish va e’lon qilish;
  • baholash natijalarini har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • baholash natijalari bo‘yicha tegishli tashkilotlarning rahbar va boshqaruv xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari ijobiy ko‘rsatkichga ega bo‘lganda – ularni rag‘batlantirish hamda qoniqarsiz ko‘rsatkichga ega bo‘lganda – intizomiy javobgarlikka tortish ko‘zda tutiladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tijorat banklariga 300 million AQSh dollari ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi.

Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida tashabbuskor tadbirkorlik sub’yektlari bilan hamkorlikda savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar tashkil etiladi.

Savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarda:

  • ko‘chma savdo ob’yektlari uchun joylar tadbirkorlik sub’yektlariga elektron onlayn-auksion asosida sotish;
  • barcha tadbirkorlik sub’yektlariga jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritish huquqi beriladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring