Qoraqalpog‘istonda SI va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida «yashil» energetika va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.
Davlat rahbari investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan birga energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda «yashil» energiya asosida ishlaydigan data-markazlar qurishni taklif etdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, sun’iy intellektni rivojlantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Xorijiy ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish kelgusi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kamida 10 milliard dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratadi.
«Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, uni ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng qo‘llashdan iborat», – dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona tashkil etilgan. Unda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliqlar va bojlardan ozod etiladi.
Shuningdek, mazkur hududda yo‘l, elektr va suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi. Investorlar uchun elektr energiyasiga 1 kilovatt-soat uchun 5 sentlik imtiyozli tarif ham joriy qilinadi.
Bundan tashqari, maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter