Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti bilan muzokaralar olib bordi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidenti bilan muzokaralar olib bordi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Rim shahridagi Kvirinal saroyida 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari tashrif bilan kelish taklifi va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Serjo Mattarella va Italiya xalqini kuni kecha o‘tgan milliy bayram – Respublika e’lon qilingan kun bilan qutladi.

Italiya Prezidenti Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda mamlakatimizning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi. Yurtimizda Pietro Fiorentini, Terra-nova, Danieli, Imagro, Ansaldo, Saipem kabi yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Prezidentlar kuni kecha o‘tgan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan kelishuv va shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, ta’lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil O‘zbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib kelmoqda.

Yil boshidan mamlakatimizga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko‘paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarellani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring